AQSH Polshadagi qo‘shinlarini ko‘paytirishi mumkin
Olam
−
04 Sentabr 2585 2 daqiqa
AQSH o‘z qo‘shinlarini Polshadan olib chiqib ketish niyatida emas. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 3 sentyabr kuni Vashingtonda o‘zining yangi saylangan polshalik mavqedoshi Karol Navrotskiyni qabul qilish vaqti aytib o‘tdi.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, amerikaliklarning Polshadagi harbiy ishtiroki “agar polyaklar buni xohlasalar”, hatto ko‘paytirilishi mumkin.
“Biz Polshadan qo‘shinlarni olib chiqish imkoniyatini hech qachon ko‘rib chiqmaganmiz. Biz buni boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘rib chiqamiz, lekin biz Polshani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va unga o‘zini himoya qilishga yordam beramiz”, dedi Tramp.
U, shuningdek, Vashington va Varshava o‘rtasidagi munosabatlar har doim mustahkam bo‘lganini, ammo hozir ular "har qachongidan ham yaxshiroq” ekanini aytdi.
Karol Navrotskiy uchrashuv natijalarini quyidagicha izohladi:
“Tramp Polshaga xavfsizlik kafolatlarini berdi va harbiy sohadagi ittifoqchilar sifatida hamkorligimizni ta’kidladi, bu katta muvaffaqiyat”.
Polsha Prezidenti amerikalik mavqedoshi bilan Amerikaning Polshadagi harbiy ishtirokini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qilganini aytdi. Navrotskiy, shuningdek, Trampni Varshavaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Hozirda Polshada 10 mingga yaqin amerikalik askar joylashgan. Joriy yil 22 fevral kuni o‘sha paytdagi prezident Anjey Duda Tramp bilan AQSHda bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng AQSH qo‘shinlari Polshadan olib chiqilmasligini va ularning sonini hatto oshirish mumkinligini aytdi.
“Biz aloqalar mustahkamlanishini kutishimiz kerak, chunki biz NATOning ishonchli ittifoqchisimiz. Polsha xavfsizligi – bu AQSH sarmoya kiritayotgan asosiy masala”, dedi Duda.
7 aprel kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini G‘arbning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish markazi bo‘lgan Rzeshov yaqinidagi Polsha harbiy aerodromidan olib chiqilishini e’lon qildi. Harbiy xizmatchilar va texnika u yerdan Polshaning boshqa joylariga ko‘chirilishi, biroq aerodromdan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi