AQSHning maxsus vakili Serjio Gor Toshkentga keldi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2025 7704 2 daqiqa
AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor va AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau kecha, 25 oktyabr kuni O‘zbekistonga keldi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, tashrifdan maqsad muhim minerallar va energetika sohasidagi savdo-sotiq hamda sarmoyalar, shuningdek, C5+1 mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilishdir.
Serjio Gor va Kristofer Landau kecha, 25 oktyabr kuni AQSH kompaniyalari bilan o‘zaro farovonlikni yuksaltirishning ko‘plab imkoniyatlari haqida samarali suhbatlashgan.

Bugun, 26 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.

Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasi doirasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham faol qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qilgandi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral