AQSH “Green Card” lotereyasi qayta boshlanganini ma’lum qildi

Olam

image

AQSH hukumati grin-karta lotereyasida ishtirok etish qoidalarini yangilashni rejalashtirmoqda. O‘zgarishlar 2026 yil 10 apreldan kuchga kirishi mumkin va DV-2027 lotereyasiga taalluqli bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda AQSH Federal reyestri saytida keltirilgan.

Loyihaga ko‘ra, Diversity Visa Program (grin-karta lotereyasi)da ishtirok etish uchun amal qiluvchi xorijga chiqish pasporti talab qilinadi. Anketaga pasportning shaxsiy ma’lumotlar va imzo joylashgan sahifasining skanerlangan nusxasini biriktirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ariza topshirish uchun ramziy to‘lov – 1 dollar joriy etish taklif qilinmoqda. Yana bir o‘zgarish anketa to‘ldirish vaqtiga tegishli. Hozir buning uchun 30 daqiqa beriladi, yangi qoidalarga ko‘ra esa bu muddatni 90 daqiqagacha uzaytirish rejalashtirilgan. 

Davlat departamentiga ko‘ra, bu choralar firibgarlik bilan berilgan arizalar sonini kamaytirish va dastur shaffofligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, dastur qoidalarida “gender” va “yosh” o‘rniga “biologik jins” va “tug‘ilgan sana” atamalarini ishlatish rejalashtirilgan. Konsulliklar uchun yo‘riqnomalarga ham “shall” (“majbur”) degan qoida qo‘shilmoqda. Bu konsullik xodimlari ishtirokchilar ma’lumotlarini qat’iy tekshirishi shartligini anglatadi.

Nimalar o‘zgarmaydi?

Lotereyada ishtirok etishning asosiy talablari o‘zgarishsiz qoladi. Ariza beruvchilar hanuz:

  • o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat yoki uning ekvivalentini ko‘rsatishi;
  • anketada barcha oila a’zolari va turmush o‘rtog‘ini kiritishi;
  • konsullikdagi intervyu paytida ma’lumotlarni tasdiqlashi kerak.

Ingliz tilini bilish talabi hozircha yo‘q va bunday shartni kiritish rejalashtirilmayapti. O‘zgarishlarning asosiy sabablaridan biri – shubhali arizalar sonining juda ko‘pligi. AQSH hukumatining ma’lumotiga ko‘ra, DV-2025 lotereyasi paytida taxminan 2,5 million shubhali yoki takroriy anketa aniqlangan.

Shu sababli yangi qoidalar, avvalo, firibgarlik va qayta-qayta ro‘yxatdan o‘tish holatlariga qarshi kurashishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, grin-karta – bu AQSHda doimiy yashovchi maqomini tasdiqlovchi rasmiy hujjat. U quyidagi huquqlarni beradi:

  • AQSHda cheklovlarsiz yashash va ishlash;
  • ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish;
  • keyinchalik fuqarolikka ariza berish.

Grin-karta lotareyasi har yili o‘tkaziladi. Unda AQSHga migratsiya darajasi past bo‘lgan davlatlar fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham ishtirok etishi mumkin. Ma’lumot uchun, 2025 yil 16 sentyabrdan boshlab grin-karta lotereyasida ishtirok etish uchun ariza topshirish 1 dollarlik to‘lov joriy qilingan. Ilgari bu jarayon to‘liq bepul edi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil dekabrda grin-karta lotereyasi dasturi vaqtincha to‘xtatilgandi. Idora rahbari bu qaror AQSH Prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasiga binoan qabul qilinganini bildirgan. Sabab sifatida Braun universiteti va Massachusets texnologiya instituti hududlaridagi otishmada gumon qilingan shaxs 2017 yilda AQSHga aynan shu dastur orqali kirgani aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh grin-karta Diversity Visa Program

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing