AQSHning Eronga javob zarbasi mutlaqo zarur edi – NATO Bosh kotibi
Olam
−
13:22 684 2 daqiqa
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte AQSHning Eronga qarshi amalga oshirgan yangi harbiy hujumlarini “mutlaqo zarur” deb baholadi. Bu haqda u bugun, 8 iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammitida jurnalistlar bilan intervyuda aytdi.
Kecha, 7 iyul kuni AQSH harbiylari Eronga qarshi yangi zarbalar bergan hamda Hormuz bo‘g‘ozida uchta tankerga snaryadlar bilan hujum qilinganidan so‘ng Tehronga neft sotishga ruxsat beruvchi litsenziyani bekor qilgandi. Bu esa allaqachon zaiflashgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga yanada bosim o‘tkazdi.
“Agar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mavjud bo‘lsa va Eron uni amalda buzgan bo‘lsa, menimcha, AQSHning qat’iy javob qaytarishi mutlaqo zarur”, degan Mark Ryutte Anqarada o‘tayotgan NATO davlat va hukumat rahbarlari sammiti oldidan jurnalistlarga.
Ryuttening aytishicha, AQSHning NATOga bo‘lgan “to‘liq sodiqligi”ga shubha bo‘lishi mumkin emas. Uning ta’kidlashicha, alyans nafaqat Yevropani, balki AQSHning o‘zini ham himoya qilishga xizmat qiladi.
“Biroq shu bilan birga, yevropaliklar va kanadaliklar ham mudofaa xarajatlarini AQSH darajasiga yetkazishi kutilmoqda. Menimcha, bu mutlaqo adolatli talab”, degan u.
NATO Bosh kotibi bu holatni Yeramp uchun g‘alaba, Putin uchun esa mag‘lubiyat deb aytgan.
“Bugungi eng yaxshi yangilik shuki, bu katta yutuqdir. Bu Putin uchun mag‘lubiyat, Prezident Tramp uchun esa g‘alaba, chunki yevropaliklar va kanadaliklar aynan shuni amalga oshirmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Ryutte.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO yetakchilari Turkiyadagi sammitni o‘nlab milliard AQSH dollarlik qiymatdagi qurol-yarog‘ shartnomalarini e’lon qilish bilan boshlagan edi.
Live
Barchasi