AQSHning BMTdagi vakili Turkiyaning Suriyadagi operatsiyasiga qarshi chiqdi
Olam
−
02 iyun 2022
4589Turkiyaning Suriya shimolida rejalashtirayotgan operatsiyasi mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtiradi va xalqaro koalitsiyaning ISHIDga qarshi kurashish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarini puchga chiqaradi. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sedat O‘nal bilan bo‘lgan suhbatda ta’kidladi. Suhbat tafsilotlari Amerikaning jahon tashkilotidagi missiyasi Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
“Elchi Tomas-Grinfild Qo‘shma Shtatlar Suriya shimolida harbiy amaliyotlarning qayta tiklanishiga qarshi ekanligini, bu aholining ko‘chishiga olib kelishi, yerdagi zaif vaziyatni yanada beqarorlashtirish xavfi va ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaning sa’y-harakatlariga putur yetkazishi mumkinligini aytdi”, deyiladi xabarda.
Doimiy vakil Vashington Turkiyaning mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi qonuniy manfaatlarini tushunishini ta’kidladi, ammo muammolarni kurdlar bilan muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, 1 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Suriya shimolida yangi aksilterror operatsiyasi boshlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Turkiya bilan chegaradan 30 kilometr ichkarida “xavfsizlik zonasi”ni shakllantirish boshlanmoqda. Turkiya Prezidentiga ko‘ra, keyinchalik Turkiya bilan chegaradosh boshqa hududlarni ham terrorchilardan tozalash rejalashtirilgan.
Bir necha kun oldin Erdo‘g‘an janubiy chegaralar bo‘ylab 30 kilometrlik xavfsizlik zonasini yaratish bo‘yicha ishlarni yakunlash rejasini e’lon qilgandi. Uning ta’kidlashicha, Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan aloqalari uchun Anqara tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan Suriya Kurdistoni xalq himoyasi bo‘linmalari Turkiya va Suriyaning tinch aholisiga hujum qilishda davom etmoqda. Suriya Turkiyani etnik aholini “tozalash”da aybladi.
LiveBarchasi