AQSHning aniq zarba beruvchi raketalari qolmadi – “Reuters“
Olam
−
20:17 459 3 daqiqa
AQSH armiyasi Eron bilan besh oydan beri davom etayotgan urushda uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi raketalar zaxirasining katta qismini ishlatib yubordi. Bu haqda masaladan xabardor uch nafar manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH armiyasi yerusti nishonlariga zarba berishga mo‘ljallangan ATACMS (Army Tactical Missile Systems) va PrSM (Precision Strike Missile) raketalarining deyarli barchasini ishlatgan. Manbalarning ikkitasi ushbu turdagi raketalar zaxirasi “deyarli to‘liq” tugaganini bildirgan.
Qayd etilishicha, AQSHning ATACMS va PrSM raketalari zaxirasi shu darajada kamaygani haqida avval xabar berilmagan. Mazkur raketalar uzoq masofadan turib nishonlarni yuqori aniqlikda yo‘q qilish imkonini beradi. AQSH yetkazib bergan ATACMS raketalari Ukraina tomonidan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishda ham qo‘llanilgan. PrSM esa ATACMS o‘rnini bosishi rejalashtirilgan yangi avlod raketasi hisoblanadi.
Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, narxi 1 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu raketalar Xitoy bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy mojaroda ham muhim rol o‘ynaydi.
“Reuters” suhbatlashgan manbalar AQSH omborlarida ushbu raketalardan aynan qancha qolgani haqida ma’lumot bermagan.
Nashrning yozishicha, Prezident Donald Tramp joriy yilning fevral oyida Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi harbiy amaliyotni boshlagan va mojaro qisqa muddat davom etishini kutgan. Ammo urush besh oyga cho‘zilgani sababli raketa zaxiralari keskin kamaygan.
Qayd etilishicha, Raytheon kompaniyasi Pentagon bilan Tomahawk raketalari ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishni nazarda tutuvchi ko‘p yillik kelishuvga erishgan. Mazkur kelishuv AQSHning kamayib borayotgan raketa zaxiralarini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning ballistik raketali hujumlaridan himoyalanish uchun Ukrainaga yangi raketalar kerakligi haqida xabar berilgan edi.
Oq uy “Reuters” so‘roviga javoban Prezident Donald Trampning bayonotini taqdim etgan. Unda AQSH “dunyodagi har qanday davlatdan ko‘ra ko‘proq o‘q-doriga ega ekani va zarur bo‘lganidan ham ortiq zaxiraga egaligi” ta’kidlangan.
Tramp, shuningdek, AQSH mudofaa sanoati korxonalari tarixdagi eng yuqori sur’atda o‘q-dori ishlab chiqarayotgani, zavodlar va ishlab chiqarish quvvatlari rekord darajada kengaytirilayotganini bildirgan.
Biroq harbiy tahlilchilar ayrim turdagi raketalar va artilleriya snaryadlari ishlab chiqarilishi rekord darajaga chiqqan bo‘lsa-da, uzoq davom etadigan urush ehtiyojlarini to‘liq qoplash uchun bu yetarli bo‘lmasligi mumkinligini qayd etmoqda.
Lockheed Martin kompaniyasi, ya’ni ATACMS, PrSM va THAAD raketalarini ishlab chiqaruvchi korxona “Reuters” savollariga izoh bermagan. Raytheon kompaniyasi ham Tomahawk raketalari va Patriot tizimlari zaxiralari bo‘yicha savollarga javob qaytarmagan.
Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell esa AQSH armiyasi Prezident buyruq bergan istalgan vaqtda va istalgan hududda harbiy operatsiyalarni amalga oshirish uchun yetarli salohiyatga ega ekanini bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Tramp ma’muriyatida Eron bo‘yicha harbiy amaliyotlarni qancha muddat davom ettirish mumkinligi yuzasidan keskin muhokamalar o‘tkazilgan. Ayrim rasmiylar raketa zaxiralari yanada kamayishi AQSHning boshqa mintaqalardagi ehtimoliy inqirozlarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini cheklashi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Manbalardan birining aytishicha, Tramp ma’muriyati Eron nishonlariga uchuvchili harbiy samolyotlar yordamida zarba berish o‘rniga uzoq masofali raketalardan foydalanishni afzal ko‘rgan. Aynan shu qaror ATACMS va PrSM raketalarining tez sur’atlarda sarflanishiga olib kelgan.
Center for Strategic and International Studies (CSIS) hisobotiga ko‘ra, PrSM raketalari nisbatan yangi qurol bo‘lgani sababli urush boshlanishidayoq ularning zaxirasi kam bo‘lgan. Shu bilan birga, AQSH armiyasi 2027 yil uchun ushbu raketalardan katta hajmda buyurtma bergan. Harbiylar ATACMS ishlab chiqarish bosqichma-bosqich to‘xtatilishi va uning o‘rnini PrSM egallashini ham ma’lum qilgan.
“Reuters”ning yozishicha, AQSHning mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan raketalar zaxirasi ham sezilarli darajada kamaygan. CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, fevral va iyul oylari oralig‘ida Patriot tutib qoluvchi raketalarining qariyb 65 foizi, THAAD tizimi raketalarining esa kamida 38 foizi sarflangan. Reuters suhbatlashgan ikki manba ushbu raqamlar AQSH hukumatdagi ichki ma’lumotlarga mos kelishini tasdiqlagan.
Live
Barchasi