AQSHning 14 shtati Tramp va Maskni sudga berdi

Olam

image

AQSHning 14 shtati vakillari AQSH Prezidenti Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.

Da’vo arizasida aytilishicha, Maskning tayinlanishi AQSH Konstitutsiyasiga zid sanaladi, chunki u Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘lgan lavozimda ishlaydi.

“Demokratiya uchun davlat hokimiyatining yagona, saylanmagan shaxs qo‘lida to‘planishidan kattaroq xavf yo‘q”, deyiladi da’vo arizasida.

Ma’lum qilinishicha, da’vo Nyu-Meksiko bosh prokurori Raul Torres va Arizona, Michigan, Merilend, Minnesota, Kaliforniya, Nevada, Vermont, Konnektikut, Rod-Aylend, Massachusets, Oregon, Vashington va Gavayi rasmiylari tomonidan berilgan.

Xabarga ko‘ra, Nyu-Meksiko boshchiligidagi shtatlar Maskka “misli ko‘rilmagan” vakolatlar berilganidan norozi.

“Bu unga federal agentliklarni tarqatib yuborish va qonunchilik ruxsatisiz byudjetlarni qisqartirish imkonini beradi”, deyiladi arizada.

Qayd etilishicha, sudga, shuningdek, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligining (USAID) 26 nafar xodimi va pudratchilari DOGE vakolatlarini cheklashni so‘rab murojaat qilgan.

Nashrga ko‘ra, bir qancha agentliklar ma’murlari DOGE’ning maxfiy ma’lumotlarga kirishini allaqachon cheklab qo‘ygan va sud agentlikka USAID’ning 2000 dan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatishni vaqtincha taqiqlagan. Da’vogarlar Maskning barcha qarorlarini noqonuniy deb e’lon qilishni va Senat tomonidan tasdiqlanmaguncha, uning DOGE’dagi faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni talab qilmoqda.

Tramp ma’muriyati Mask qonun doirasida harakat qilayotganini va DOGE hukumat xarajatlarini qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashish ustida ishlayotganini aytadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyatini muzlatilgan xorijiy yordamni tiklashga majburlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ilon Mask DOGE

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing