AQSHning harbiy yordamisiz Ukraina urushda mag‘lub bo‘lishi mumkin – Yermak
Olam
−
06 dekabr 2023
5446Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Amerika harbiy yordam yetkazib bermasa, Ukraina urushda Rossiyaga yutqazib qo‘yishi xavfidan ogohlantirdi.
Bu haqda u kecha, 5 dekabr kuni Vashingtondagi Tinchlik institutida so‘z ochdi.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH qo‘llab-quvvatlamasa, katta ehtimol bilan Ukraina urushda mag‘lub bo‘ladi.
"Biz uchun bir xil pozitsiyalarni saqlagan holda shunchaki omon qolish qiyin bo‘ladi", deya qo‘shimcha qilgan u.
Yermakning bayonoti Oq uyning Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi sa’y-harakatlari fonida yangradi. Biroq Kongress hali ham Kiyevni moliyalashtirishga imkon beradigan murosa bitimini tuzishga yaqin emas.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oq uy boshqaruv va byudjet bo‘limi direktori Shalanda Yang Demokratlar va Respublikachilar yetakchilariga yo‘llagan maktubida AQSHda Ukrainani qo‘llash uchun mablag‘ va vaqt tugayotganini yozgandi. u Kongress yil oxirigacha Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordamni ma’qullamasa, bu mamlakatning Rossiyaga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlariga putur yetkazishi va qo‘shimcha mablag‘ ajratadigan “sehrli qozon” qolmasligi haqida ogohlantirgan.
LiveBarchasi