AQSHga yon qo‘shnisining “xiyonati” yoxud Yevropaga yuzlanish

Tahlil

Reklama
0:00

Yon qo‘shni – jon qo‘shni. Kanada AQSHning eng yaqin qo‘shnisi, yirik savdo hamkori edi. Biroq Vashington bilan kuchaygan savdo urushi Ottavani Atlantikaning narigi tomonidan do‘st izlashga majbur qilmoqda. Manashunday vaziyatda Yevropa Ittifoqi sahnaga chiqdi. Endi alyans uchun Kanada shunchaki hamkor emas, balki unga o‘z tarixidagi ilk “assotsiatsiyalashgan a’zo” maqomini taklif qilmoqda. Kanada bosh vaziri Mark Karni esa bu g‘oyani ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu to‘laqonli a’zolik emas, hatto “assotsiatsiyalashgan a’zolik” degan maqom uchun aniq bir huquqiy mexanizm ham mavjud emas. Taklif esa savdodan tortib mudofaa, energetika, sun’iy intellekt, strategik minerallar, kosmos va raqamli texnologiyalargacha bo‘lgan sohalarni qamrab olishi mumkin.

Eng qizig‘i, hali bu yaqinlashuvning AQSHga nisbatan pozitsiyasi haqida biror bir gap aytilmay turib, Vashington bundan xavotirga tushmoqda. Donald Tramp Yevropa Kanadaga bunday maqom bersa, AQSH Yevropaga “juda jiddiy” bojlar joriy qilishi, “qaqshatqich qasos olishi” yoki ayrim yo‘nalishlarda savdoni to‘xtatishi mumkinligini aytdi. Oq uyning bunday keskin munosabati jamoatchilikdagi “Ottava buni qasdma-qasdiga qilmoqda”, “Trampga qarshi birlashuv bu” kabi fikrlarning tasdig‘i sifatida ko‘rilmoqda.

Xo‘sh, Kanada nega aynan hozir Yevropaga yuzlanmoqda? Yevropa Ittifoqi Kanadadan nimani olmoqchi, Kanada esa Yevropadan nima kutmoqda? Bu tashabbus AQSH bilan davom etayotgan savdo urushiga qanchalik aloqador? Va eng muhimi – gap oddiy savdo sherikligini kengaytirish haqidami yoki Shimoliy Amerika va Yevropa o‘rtasida yangi geosiyosiy ittifoqning poydevori qo‘yilmoqdami?

Ilk assotsiatsiyalashgan a’zo

16 sentyabr kuni Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Kanadaga Yevropa Ittifoqining (YeI) birinchi assotsiatsiyalashgan a’zosi bo‘lish imkoniyatini taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, endi ikki tomon munosabatlarini oddiy savdo aloqalaridan “kelajak uchun ittifoq” darajasiga olib chiqish kerak. Yevropa parlamenti deputatlari va Yevroparlament majlisida qatnashayotgan Kanada bosh vaziri Mark Karni bu taklifni olqishlagan.

“Biz hamkorliklarimizni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Shuning uchun Kanada YeIning birinchi assotsiatsiyalashgan a’zosi bo‘lishi uchun eshikni ochish ustida siz bilan ishlashni istayman”, degan fon der Lyayen.

Shuningdek, fon der Lyayen YeI va Kanada sun’iy intellektdan iqlim o‘zgarishigacha, Arktikadan geosiyosatgacha bo‘lgan masalalarda dunyoga bir xil nuqtai nazardan qarashini aytgan. U ikki tomon Ukraina, mudofaa, xomashyo va ta’minot zanjirlari masalalarida hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidlagan.

Bu yerda muhim jihat bor: “assotsiatsiyalashgan a’zo” degan maqom hozircha Yevropa Ittifoqi shartnomalarida mavjud emas. Ya’ni hali bu maqomning aniq belgilangan huquqiy shakli ishlab chiqilmagan. Kanada ham garchi bu taklifni mamnuniyat bilan qarshi olgan bo‘lsa-da, assotsiatsiyalashgan a’zo bo‘lish uchun yangi huquqiy mexanizm ishlab chiqilishi va YeIga a’zo barcha 27 davlatning roziligi kerak bo‘ladi.

Bundan oldinroq Ukrainaga ham xuddi shunday maqom bilan alyansga qo‘shilish taklifi berilgan edi. Ammo Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyev faqat to‘laqonli a’zolikka rozi bo‘lishini bildirgach, ittifoq ham fikridan qaytgandi.

Biroq 17 sentyabr kuni Yevroparlamentda nutq so‘zlagan Kanada bosh vaziri Ottavaning bunday aloqaga tayyor ekanini ochiq bildirdi. U Kanada va Yevropani “vaqtinchalik ittifoqchilar” emasligini ta’kidlab, yaqinlashuvni yangi geosiyosiy blok yaratish urinishi sifatida emas, balki o‘z bozorlarini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va demokratik institutlarini tashqi bosimlardan himoya qilish vositasi sifatida ko‘rsatdi.

“Biz qulay sharoitdagina birga bo‘ladigan ittifoqchilar emasmiz. Biz birimiz yutib, boshqamiz yutqazadigan bitimlar ketidan quvmaymiz. Biz har doim ular uchun kurashib kelgan hamda mudofaasi yo‘lida doimo xushyor turishimiz shart bo‘lgan umumiy qadriyatlarga tayanib ish tutamiz”, dedi Karni Yevropa qonun chiqaruvchilarining qarsaklari ostida.

Karni hamkorlikni strategik minerallar, mudofaa sanoati, sun’iy intellekt va hisoblash texnologiyalari, energetika, kosmos, to‘lov tizimlari hamda raqamli savdoga qadar kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, yoshlarning Atlantikaning ikki tomonida o‘qishi va ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish g‘oyasini ilgari surdi.

“Kanada va Yevropa strategik imkoniyatlarning to‘liq spektri bo‘yicha, jumladan, kritik muhim minerallar, mudofaa sanoati salohiyati, sun’iy intellekt va hisoblash quvvatlari, energetika xavfsizligi, kosmos hamda to‘lov tizimi sohasidagi chuqur hamkorlik orqali o‘z strategik muxtoriyatini ta’minlashi kerak”, dedi u.

Ammo Ottavaning Bryusselga qarab yurishi Vashingtonda boshqacha talqin qilindi. Donald Tramp 16 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kanadaga bunday maqom bersa, bu AQSH tomonidan “dushmanona harakat” sifatida baholanishi mumkinligini aytdi. Agar tashabbus yomon niyatli deb topilsa, Vashington Yevropaga “juda jiddiy” bojlar joriy qilishi, hatto ayrim yo‘nalishlarda savdoni to‘xtatishi mumkinligini bildirdi. Tramp taklifning o‘zini ham “kulgili” deb atadi.

Bryussel esa Vashingtonning tahdidlariga qaramay, bu tashabbus AQSHga qarshi qaratilmaganini bildirmoqda. Yevrokomissiya vakili Olof Gill taklif “hech kimga qarshi emas, balki umumiy kuchimiz uchun” ekanini aytdi. Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola ham YeI Kanada bilan aloqalarni AQSH bilan munosabatlardan alohida ko‘rishini ta’kidladi.

Ammo shubhasiz, bu harakatlar ortida Kanada va Yevropa davlatlarining Tramp siyosatidan noroziligi ham ahamiyatga ega. Ottava iqtisodiyoti ko‘p jihatdan AQSHga tayangan, hatto jami eksport qiladigan tovarlarining 70 foizdan 77 foizgacha bo‘lgan qismini bevosita AQSHga sotardi. Ammo Donald Tramp ma’muriyati davrida bu savdo aloqalari ancha susayib qoldi. Bunga AQSHning chegara xavfsizligi, noqonuniy savdo va ichki bozorni himoya qilish vajlari bilan Kanadaning ko‘plab tovarlariga 25 foizdan 50 foizgacha boj joriy etilishi sabab bo‘ldi. Mark Karni boshchiligidagi Kanada hukumati ham o‘z navbatida AQSH tariflariga xuddi shunday hajmda javob bojlarini e’lon qildi. Hatto bu xalqaro maydonda savdo urushi sifatida ham ko‘rilmoqda.

Tramp ma’muriyatining Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari ham havas qilgulik emas. Oq uy hatto alyans davlatlarini ham bojlar bilan siyladi, NATOni moliyalashtirish va harbiylashtirish masalalari ham qayta ko‘rib chiqildi hamda qisqartirildi. Bundan tashqari, qator geosiyosiy masalalar, jumladan, Rossiyaning Ukrainadagi bosqinlari, Grenlandiya masalasi yoki Isroil bilan aloqalardagi ziddiyatlar qaysidir ma’noda Yevropaning AQSHdan yuz o‘girishiga olib keldi.

Natijada AQSHdan “xafa” ikki tomon birlashmoqda. Hamkorlik hech qanday harbiy maqsadni ko‘zlamasa-da, AQSH tomoni bu yaqinlashuvning iqtisodiy oqibatlaridan cho‘chayotgan ko‘rinadi.

Qanday foyda?

Garchi Kanada AQSH kabi dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyoti yoki harbiy qudratiga ega bo‘lmasa-da, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning kengayishi har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ladi. Ottavaning qo‘lida Yevropa tobora ko‘proq ehtiyoj sezayotgan energetika, strategik minerallar, mudofaa va texnologiyalar bor. Shu sababli Bryusselning Kanada bilan aloqalarni assotsiatsiyalashgan a’zo maqomiga ko‘tarishi ortida nafaqat AQSHning amaldagi siyosatiga e’tirozi, balki yaxshigina iqtisodiy foyda ham borligini ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda Ottava 34 dan ortiq strategik mineral konlariga ega va toza energetikaga o‘tish uchun eng muhim hisoblangan 10 mineralning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biridir. Nikel, litiy, mis kabi xomashyolar Yevropaning elektromobil, akkumulyator, chip va mudofaa sanoati uchun nihoyatda zarur. Yevropa esa Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirish uchun ishonchli muqobil manbalar izlamoqda. Mart oyida Yevropa investitsiya banki va Karni hukumati Kanada strategik minerallari loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv ham imzolagan.

Kanada Yevropaga yana bir muhim resursni – suyultirilgan tabiiy gaz va vodorodni taklif qila oladi. Muhim minerallarni yetkazib berish, buning uchun Kanada shimoli va sharqiy sohillaridagi port infratuzilmasidan foydalanishni ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa Rossiyaning tabiiy gaziga bog‘lanib qolgan alyans mamlakatlari uchun qisman rus gazini diversifikatsiya qilish vositasidir. Ammo ikki mintaqa o‘rtasidagi masofaning uzoq ekanligi tashilayotgan energetika resurslarining tannarxi oshishiga olib keladi.

Bundan tashqari, Kanada bozori allaqachon Yevropaning yirik kompaniyalari uchun keng maydonga aylangan. Yevropaning “Airbus” korxonasi Kanada havo yo‘llaridan sakkizta A350-1000 samolyotiga buyurtma olgan, Kanada hukumati esa yana to‘rtta yangi A330 tanker samolyoti va beshta konversiya uchun 3,6 milliard Kanada dollari, ya’ni qariyb 2,2 milliard yevro ajratgan. Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi Kanadadagi sun’iy intellekt asosida akkumulyator ishlab chiqarishni tadqiq qiluvchi markazga besh yil davomida 150 million Kanada dollari sarmoya kiritmoqda.

Zamonaviy qurol-yarog‘, raketalar va aviatsiya ishlab chiqarish uchun litiy, nikel, kobalt, grafit va uran kabi muhim minerallar va nodir metallar zarur. Kanada YeIga Xitoy va Rossiya ta’siridan xoli bo‘lgan, xavfsiz va barqaror xomashyo ta’minotini taklif qila oladi.

Manfaatlar faqat YeIga yo‘nalmagan, albatta. Kanada uchun 450 milliondan ortiq boy iste’molchiga ega alyansning umumiy bozori katta imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, ittifoq Kanadaga Texnologik Alyans doirasida sun’iy intellekt, kvant hisoblash, kiberxavfsizlik va yarim o‘tkazgichlar chiplari sohasida birgalikda tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirishni taklif qilmoqda.

Ammo Ottava va alyans o‘rtasida hamkorlik allaqachon yaxshigina rivojlangan. 2016 yil 30 oktyabrda imzolangan CETAdan (Har tomonlama iqtisodiy va savdo bitimi) so‘ng, o‘zaro bojlar ham pasaytirilgan, investitsiyalar almashinuvi boshlangan edi. Kanada va YeI o‘rtasidagi tovar va xizmatlar savdosi 2016 yildan beri 81 foizdan ko‘proq oshib, 2025 yilda 130 milliard yevrodan ortdi. Faqat Yevropaning Kanadaga eksporti 48,9 milliard yevro tovar va 29,4 milliard yevro xizmatni tashkil etdi. Germaniya Kanadaga qariyb 12 milliard yevrolik, Italiya 6,3 milliard, Fransiya esa 4,4 milliard yevrolik mahsulot sotdi. Yuqori talablarga ega YeI bozoriga Kanada mahsulotlarining kirishi uchun mahsulotlarni sertifikatlash tartiblari soddalashtirilishi ham o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirgan edi. Bir so‘z bilan aytganda, ikki tomon allaqachon keng iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatgan edi.

Shu nuqtada “assotsiatsiyalashgan a’zolik”ning CETAdan farqi nima, degan savol paydo bo‘ladi. Garchi yangi maqomning aniq huquqiy normalari hali kelishilmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar fikricha, CETA asosan savdo to‘siqlarini kamaytirgan bo‘lib qoladi, yangi format esa savdo bilan cheklanmay, navbatdagi bosqichda davlat xaridlari, investitsiyalar, raqamli savdo, texnologiyalar, strategik minerallar, energetika, mudofaa va standartlarni yaqinlashtirish haqida bo‘lishi kutilmoqda.

Qisqasi, Kanada Yevropaga xomashyo, energiya, Shimoliy Amerikadagi ishlab chiqarish maydoni va strategik imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Yevropa esa Kanada uchun texnologiya, kapital, bozor va sanoat kooperatsiyasini olib kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing