AQSHdagi yong‘inlar paytida Olimpiya chempionining barcha sovrinlari o‘g‘irlab ketildi
Sport
−
17 yanvar
2237Amerikalik tennischi, juftlik bahslarida Olimpiya chempioni bo‘lgan Pem Shrayver Los-Anjelesda davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlarida barcha sovrinlaridan ayrildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Unda yozilishicha, sportchi yong‘inlardan uzoqroq bo‘lish maqsadida vaqtincha mehmonxonaga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan. Ko‘chish jarayonida u o‘zining mashinasiga yutib olgan sovrinlarini joylagan, jumladan, AQSH Ochiq chempionatidagi beshta g‘alaba mukofoti, “Roland Garros” musobaqasidagi beshta kubok va Australian Open chempionatidagi bitta sovrinni. Ammo 16 yanvar kuni uning mashinasi o‘g‘irlab ketilgan.
“Endi mening oilam ham jinoyatchilikdan aziyat chekdi. Odamlar qiyin sinovlarni boshdan kechirayotgan eng og‘ir damlarda bunday harakatlar qilayotganlarning borligi juda achinarli”, dedi Shrayver.
U huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganini va adolat tiklanishiga umid qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Shrayver tennis bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan. 1988 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida juftlik bahslarida Zina Garrison bilan birga oltin medalni qo‘lga kiritgan. 1991 yilda u Panamerika o‘yinlarida uchta oltin medal yutib olgan – yakkalik, juftlik va aralash juftlik bahslarida. Sportchi 1994 yilda professional faoliyatini yakunlagan.
Joriy yilning 7 yanvar kuni boshlangan o‘rmon yong‘inlari Tinch okeani bo‘yidagi Pasifik-Paliseyds hududini qamrab oldi va keyinchalik Los-Anjelesning boshqa qismlariga tarqaldi. Kuchli shamol va yong‘in gidrantlaridagi suv tanqisligi vaziyatni yanada og‘irlashtirib, olovni o‘chirish ishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Bugungi kungacha 27 kishi yong‘in qurboni bo‘ldi, minglab odamlar uyidan ayrildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq cuzish bo‘yicha 5 karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Garri Xoll-Junior Los-Anjelesdagi tabiiy ofat vaqtida o‘z uyidan va medallaridan ayrilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar