AQSHdagi talabalar namoyishlarida 900 kishi, jumladan prezidentlikka nomzod ham hibsga olindi

Olam

image

Amerika universitetlarida Isroil va Falastinni qo‘llab-quvvatlagan namoyishlar davom etmoqda. Jami 900 kishi, jumladan Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Shtayn ham hibsga olindi. Falastin va Isroil tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu so‘nggi yillardagi talabalar faolligiga politsiyaning eng kuchli munosabati. Gazeta suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, bu huquq-tartibot idoralari uchun ko‘plab muammolar tug‘diradi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda. Hibsga olishlar tez-tez bo‘lib, Kaliforniya universitetida Isroil va Falastin tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Oliygoh rasmiylarining ta’kidlashicha, ayrim namoyishchilar alohida guruhlari uchun o‘rnatilgan to‘siqni buzib o‘tganlarida vaziyat yomonlashgan. Faollar bir-birini turtib, shiorlar va haqoratlarni aytmoqda, namoyishchilar bir-birlariga zarba berish holatlari ham qayd etildi.

Jill Steyn Sent-Luisdagi Vashington universitetida hibsga olingan. U universitetning G‘azodagi urushga aloqadorligiga qarshi norozilikni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan. 

WP ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim namoyishlar tinch, boshqalari esa namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan kechmoqda. Ba’zi universitetlar nafrat nutqi, antisemitizm va zo‘ravonlik haqidagi ko‘plab xabarlar ortidan politsiya yordamiga murojaat qildi. Ayrim universitetlarda politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Huquq-tartibot idoralari kimyoviy moddalar va shovqinni to‘xtatuvchi qurol ishlatilgani haqida xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlarda Isroilga yordam yetkazib berilishi ma’qullangani ortidan norozilik namoyishlari kuchaydi. Namoyishlar to‘lqini 18 aprel kuni politsiya Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti hududidagi chodir lagerini tarqatib yuborayotgan 100 dan ortiq odamni hibsga olganidan keyin sodir bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 aprel kuni “The New York Times” gazetasi 700 dan ortiq kishi talabalar namoyishlari sababli qo‘lga olinganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Vashington Jill Shtayn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing