AQSHdagi supermarketda 18 yashar yigit 10 kishini o‘ldirdi
Olam
−
15 may 2022
13671Kecha, 14 may kuni AQSHning Nyu-York shtatining Buffalo shahridagi supermarket hududida 18 yoshli Peyton Jendron qurolli hujum uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida o‘n kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Huquq-tartibot idoralari hujumga irqiy nafrat sabab bo‘lgan deb gumon qilmoqda: halok bo‘lgan o‘n va jarohatlangan uch kishidan 11 nafari afroamerikalik bo‘lgan. Qo‘lga olingan hujum uyushtirgan shaxs oq tanli erkak bo‘lib chiqqan.
Hujum qilgan shaxs kamuflyaj formasi, dubulg‘a, zirh kiygan bo‘lib, avtomat miltiqdan foydalangan va ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga chiqqan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning quroliga Black Lives Matter harakatiga qarshi haqoratli so‘zlar, shuningdek, 2011 yilda Norvegiyaning Uttoyya orolida 69 kishini otgan va yana bir qancha teraktlar uyushtirganlikda ayblangan Anders Breyvik ismi yozilgan.
Prezident Jo Bayden ushbu hodisa ortidan bayonot bergan. U voqeani ichki terrorchilik akti deb atagan, huquq-tartibot idoralari xodimlariga minnatdorlik bildirib, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
“Irqiy nafratga oid jinoyatlar bizning millatimizning tub mohiyati uchun jirkanchlidir. Har qanday ichki terrorchilik harakati Amerikada biz tarafdor bo‘lgan hamma narsaga zid keladi. Biz ichki terrorizmga barham berish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak”, degan Amerika rahbari.
LiveBarchasi