AQSHdagi saylovlardan bir kun oldin Yerga asteroid qulashi mumkin
Olam
−
19 Oktabr 2020 13738 1 daqiqa
AQSHda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlaridan bir kun oldin Yerga asteroid qulashi mumkin. Bu haqda amerikalik astrofizik Nil Degrass Tayson o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qilgan.
Astrofizikning aytishiga qaraganda, asteroid muzlatgich kattaligida bo‘ladi. Ta’kidlanganidek, 2018VP1 asteroidi soatiga 40,2 ming kmdan yuqoriroq tezlikda sayyoramiz tomon harakatlanmoqda.
“U Yer bilan prezident saylovlaridan bir kun oldin – 2 noyabrda to‘qnashishi mumkin”, deb yozgan Nil Degrass Tayson.
Astrofizik Taysonning ta’kidlashicha, bunday o‘lchamdagi asteroid Yerga katta ziyon yetkazmaydi.
“Agar qiyomat qoyim 2020 yilda yuz bergudek bo‘lsa, bu fazo aybi bilan bo‘lmaydi”, degan olim.
Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari 3 noyabr kuni o‘tkaziladi.
Amaldagi Prezident respublikachi Donald Trampga demokrat Jozef Bayden raqiblik qiladi. Vitse-prezidentlik uchun Maykl Pens va Kamola Xarris bellashadi.