AQSHdagi saylovdan oldin Rossiya Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida qatnashishi kerak – Zelenskiy
Olam
−
15 iyul
9475Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy joriy yilning noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovidan oldin Rossiya ham Ukraina masalasi yuzasidan tinchlik sammitining ikkinchi qismida ishtirok etishi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 15 iyul kuni Kiyevdagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Bu sammit Ukrainaning urushni tugatish bo‘yicha keng ko‘lamli diplomatik loyihasi bo‘lib, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi tinchlik konferensiyasining rejasi noyabrgacha ishlab chiqilishi kerak. Shu maqsadda unda uchta uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Ulardan birinchisi – energiya xavfsizligi bo‘yicha Qatarda iyul oyining oxiri yoki avgust oyining boshida bo‘lib o‘tadi. Keyingisi avgust oyida Turkiyada yuk tashish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashkillashtiriladi. Nihoyat, sentyabr oyida Kanadada yakuniy yig‘ilish o‘tkaziladi. Unda mahbuslarni almashish va deportatsiya qilinganlarni, jumladan, bolalarni Ukrainaga qaytarish masalalari muhokama qilinadi. Ushbu uch nuqtadan so‘ng, agar ular samarali ishlasa, tinchlik formulasining barcha bandlarini amalga oshirishning to‘liq rejasi tayyor bo‘ladi”, degan Zelenskiy.
Shu yilning iyun oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan birinchi tinchlik sammitiga 90 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi. Biroq Rossiya unga taklif etilmadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mixail Galuzin joriy yilning 11 iyul kuni RIA Novosti'ga bergan intervyusida Rossiya Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitlarida ishtirok etish niyatida emasligini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Zelenskiy Ukraina uchun bu yil urushni tugatish rejasini taqdim etishi muhimligini va bu rejani dunyoning aksariyat qismi qo‘llab-quvvatlashini aytgandi.
LiveBarchasi