AQSHda suv toshqinlari ortidan saylov uchastkasi xodimlari halok bo‘ldi
Olam
−
06 noyabr
3919AQSHning Missuri shtatida kuzatilgan suv toshqini oqibatida besh kishi, jumladan saylov uchastkasining ikki nafar keksa xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Qayd etilishicha, Missurida to‘satdan suv toshqiniga olib kelgan yog‘ingarchilik kuzatilgan. Suv toshqinlari oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan va ularning orasida saylov uchastkasi xodimlari hisoblanuvchi er-xotin ham bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 70 yoshli erkak va 73 yoshli ayol suv oqimi ularning mashinasini oqizib ketganidan to‘rt soat o‘tib topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida shtatning ayrim hududlarida 20 santimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilgan.
Missuri okrug kotiblari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Keti Xolestin Kempbellga ko‘ra, saylov uchastkasining ish vaqtini uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin, biroq hozircha bunday choralar ko‘rilmagan.
Ma’lumot uchun, kecha, 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovlari boshlandi. Ushbu saylovlarda demokratlar partiyasi vakili sifatida vitse-prezident Kamola Harris, respublikachilar partiyasi vakili sifatida esa sobiq prezident Donald Tramp mamlakat yetakchiligi uchun kurashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Associated Press” statistikasiga ko‘ra, bugun, 6 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:15 da Kamola Harris 47,6 % (58,189,071 ta), Donald Tramp esa 51,1% (62,503,007 ) ovozga ega bo‘lgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi