AQSHda sobiq harbiy xizmatchi Rossiyaga ayg‘oqchilik qilishda ayblandi. U o‘zi kim?

Olam

image

Amerikaning Virjiniya shtatida AQSH armiyasi maxsus kuchlarining sobiq xizmatchisi Rossiya foydasiga ayg‘oqchilik qilishda ayblanyapti. U hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Virjiniya shtati Federal prokuraturasi sobiq harbiy xizmatchi Piter Debbinsni Rossiyaga ayg‘oqchilik qilishda aybladi. Ayblovchi tomon ta’kidlashicha, u ko‘ngilli bo‘lib rus harbiy razvedkasiga yordam bergan.

Debbins kecha, 21 avgust kuni Virjiniya shtati Geynsvill shaharchasidagi uyida hibsga olingan.

45 yoshli Piter Rafayel Zibinski Debbins 1996 yilda Rossiyaga ayg‘oqchilik qilish istagini bildirgan. U o‘zini “Rossiya farzandi” deb, unga xizmat qilishga tayyorligini aytgan.

“Debbins Qo‘shma Shtatlar dunyoda me’yordan ortiqcha hukmronlik qilayotganiga va ularning ta’siri cheklanishi kerakligiga ishonardi”, degan prokuratura.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Debbins rus razvedkasi vakillari bilan 1996 yilda Minnesota universiteti talabasi bo‘lgan davrlardan to 2011 yilgacha aloqada bo‘lgan. Prokuratura ta’kidicha, u rus harbiy razvedkasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagan. Unga Ikar Leshnikov kod oti berilgan.

Debbins dastlab o‘z xizmati uchun Rossiya tomonidan pul olishni istamagan. Keyinchalik esa ozgina to‘lovga rozi bo‘lgan. To‘lov summasi ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, ayblanuvchining onasi SSSRda tug‘ilgan. U esa bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ini Chelyabinskka safari vaqtida uchratgan. Ular 1997 yilda turmush qurgan.

Debbins harbiy xizmat qilgan vaqtda avval maxfiy, keyinroq o‘ta maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish huquqiga ega bo‘lgan.

1998 yilda u Janubiy Koreyaga yuborilgan, keyin AQSHning Ozarbayjon va Gruziyadagi maxsus topshiriqlar bo‘linmasida xizmat qilgan.

2008 yilda u iste’foga chiqqan. Ammo bir necha yil davomida Rossiya harbiy razvedkasi bilan aloqalarini saqlab qolgan.

Debbinsning hibsga olinishi shu haftadagi ayg‘oqchilikka aloqador ikkinchi mojaro bo‘ldi. Avvalroq, Adliya vazirligi Gavayada Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimiga ayblov e’lon qilib, hibsga olgandi. U Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilishda ayblangan.

Debbinsning birinchi sudi 24 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Unga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh ayg'oqchilik

Baholaganlar

317

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing