AQSHda “Shtatlar ittifoqi”ni tuzish taklif qilindi. Texas mustaqillik so‘ramoqda
Olam
−
12 dekabr 2020
6550Texas Respublikachilar partiyasining raisi Allen Uest AQSH Oliy sudining 3 noyabrdagi saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqish haqidagi da’voni rad etish to‘g‘risidagi qaroriga javoban Amerika konstitutsiyasi tamoyillariga amal qiladigan “Shtatlar ittifoqi”ni tuzishni taklif qildi. Uning bayonoti juma kuni partiyaning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Texasning Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya va Viskonsin shtatlariga qarshi da’vosini rad etgan Oliy sud qarori ba’zi shtatlarga Amerika Konstitutsiyasini buzish va bu uchun javobgar bo‘lmaslik imkonini beradigan xavfli presedensiyani belgilab berdi.
“Oliy sud 17 shtat va 106 nafar AQSH kongressmeni tomonidan qo‘llab-quvvatlangan da’voni rad etib, har qanday shtat Konstitutsiyaga xilof harakatlar qilishi va o‘z saylov qonunchiligini buzishi mumkin degan qaror chiqardi. Ushbu qaror konstitutsiyaviy respublikamizning kelajagi uchun juda katta ta’sirga ega bo‘ladi. Ehtimol, qonunga bo‘ysunadigan shtatlar birlashib, Konstitutsiyaga rioya qiladigan shtatlar ittifoqini tuzishlari kerak”, deyiladi bayonotda.
Texas Respublikachilar partiyasi rahbarining so‘zlari allaqachon jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarida turli xil munosabatlarga sabab bo‘lgan. Masalan, CNN telekanalining Oq uydagi muxbiri Jim Akosta Uestning bayonotini AQSHdan ajralib chiqish g‘oyasini qo‘zg‘atish, deya izohladi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ushbu g‘oyani fuqarolar urushi (1861-1865) davrida janubiy shtatlarning Qo‘shma Shtatlardan ajralib chiqishi bilan taqqoslab, respublikachining bayonotini faol muhokama qilmoqda.
Shu hafta boshida Texas shtatidan respublikachi Kayl Biderman AQSHdan ajralib chiqish uchun referendum o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi.
“Federal hukumat nazoratdan tashqarida va texasliklarning qadriyatlariga mos emas. Shu sababli, men ushbu [Qonunchilik palatasi] sessiyada Texas shtatiga o‘z maqomini mustaqil davlat sifatida tiklashi uchun ovoz berish huquqini beradigan qonun loyihasini olib kiraman”, deb yozgan u o‘zining Facebook sahifasida.
Ma’lumot o‘rnida, Texas 1836 yildan 1845 yilgacha, Meksikadan ajralib chiqqanidan va AQSHga qo‘shilishidan oldin mustaqil Texas Respublikasi shaklida mavjud bo‘lgan.
LiveBarchasi