AQSHda raketa uchirilganidan 2,5 daqiqa o‘tib, portlab ketdi (video)

Olam

image

Amerikaning Firefly Aerospace xususiy kompaniyasining Alpha raketasi AQSHda birinchi sinov doirasida muvaffaqiyatli uchirilganidan bir necha daqiqa o‘tib portladi. Parvoz kompaniya saytida namoyish etilgan.

Raketa Kaliforniya shtatidagi Vandenberg aviabazasi joylashgan maydondan soat 21:59 (Toshkent vaqti bilan 3 sentyabr kuni soat 06:59) da uchirilgan. Taxminan ikki yarim daqiqadan so‘ng, o‘sha paytda tovushdan yuqori tezlikda harakatlanayotgan raketa havoda portlagan. 

“Alpha raketasi birinchi bosqichda anomaliyani boshdan kechirdi, bu esa qurilmaning yo‘qolishiga olib keldi”, deyilgan kompaniya xabarida. 

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ishga tushirish arafasida kutilmagan holatlar yuz berganda xodimlarning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilgan. 

Alpha taxminan 93 kg og‘irlikdagi yukni past orbitaga yetkazib berishi rejalashtirilgan edi. Kelgusida Firefly Aerospace o‘z raketalari yordamida tijorat asosida og‘irligi bir tonna va 630 kg gacha bo‘lgan yuklarni mos ravishda 300 km va 500 km balandlikdagi orbitalarga chiqarishni rejalashtirmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, Firefly Space Systems kompaniyasi 2014 yilda hozirgi bosh direktori Tomas Markusik tomonidan tashkil etilgan. 2017 yilda bankrot bo‘lganidan so‘ng, kompaniyani ukrainalik tadbirkor Maksim Polyakov firmasi sotib olgan, shundan so‘ng u Firefly Space deb nomlangan. Kompaniyaning bosh qarorgohi Texas shtatining Ostin shahrida joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

429

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing