AQSHda po‘lat zavodi portlab ketdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
12 avgust 6198 1 daqiqa
Kecha, 11 avgust kuni AQSHning Pensilvaniya shtati Pittsburg shahrida joylashgan U.S. Steel zavodida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, kamida o‘n kishi jarohat oldi. Bu haqda rasmiylarga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Mahalliy qutqaruv xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zavoddagi yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 10:51 da boshlangan. Hodisa guvohlari OAVga portlash tovushlari momaqaldiroqnikiga o‘xshaganini aytgan.
Qayd etilishicha, ishchilardan biri portlash sodir bo‘lganidan bir necha soat o‘tib vayronalar ostidan chiqarib olingan. Shifokorlarning jurnalistlarga aytishicha, jarohatlanganlardan besh nafari tibbiyot muassasalariga olib borilganidan bir necha soat o‘tib uyiga ketishga ruxsat olgan. Yana uch kishi esa hozirda travmatologiya va kuyish jarohatlari markazida davolanmoqda.
U.S. Steel kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Skott Bakiso portlashdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida zavod xodimlari ishchilarni qutqarish va gazni uzishda “katta ish qilganini” ta’kidlagan. Kompaniya bosh direktori Devid Berritt esa hodisa sababi sinchkovlik bilan tekshirilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda vertolyot Missisipi daryosidagi barja (dvigatelsiz kema) bilan to‘qnashib, portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatda kamida ikki kishining halok bo‘lgani tasdiqlangan.