AQSHda politsiya yana qora tanli erkakka o‘q uzdi. Mamlakatda namoyishlar boshlandi
Olam
−
26 avgust 2020
11381Joriy yilning 23 avgust kuni AQSHning Kenosha shahrida (Viskonsin shtati) politsiya 29 yoshli qora tanli erkakn – afro-amerikalik Jeykob Bleykka o‘q uzib, jiddiy jarohatladi. Guvohlardan biri voqeani videoga oldi va internetga joyladi. Bu haqda xalqaro OAV bong urmoqda.
Videoda qora tanli kishi mashinaning haydovchi o‘rindig‘i tomon yurib ketayotgani, keyin avtomobil eshigina ochgani ko‘rinadi. Uning orqasidan to‘pponcha bilan kelayotgan ikki politsiyachi esa undan nimanidir talab qiladi. Erkak mashina eshigini ochganda, politsiya xodimlaridan biri uning ko‘ylagini ushlab, orqa tomondan yetti marta o‘q uzadi. Mashina yonida voqeaga guvohlik qilgan ayollar qichqiradi.
Voqea yuz bergan joyda darhol qo‘shnilar to‘planadi. Ularga boshqa mahallalar aholisi va afroamerikaliklar huquqlarini himoya qilish harakatlari faollari qo‘shilgan. 100 ga yaqin namoyishchilar shahar politsiyasi binosiga bordilar va yerda to‘siqlarga duch keldilar. Rasmiylar soat 22:00 dan komendantlik soati e’lon qilgan, ammo norozilik namoyishlari yarim tungacha davom etgan. Ishtirokchilar uchta axlat tashuvchi mashinani yoqib yuborishdi, bir nechta idoralarning derazalarini sindirib, sud binosini grafiti bilan bo‘yashdi. Ertasi kuni norozilik namoyishlari takroran boshlandi. Bir necha binola yoqib yuborilgan. Kenoshaga AQSH Milliy gvardiyasining qo‘shinlari kiritilgan. Kenoshadan tashqari boshqa shaharlarda ham namoyishchilar ko‘chalarga chiqqani aytilmoqda.
Politsiyachining o‘q uzishi oqibatida og‘ir jarohatlangan Jeykob Bleyk Miluokidagi shifoxonaga yotqizilgan. U jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdi. Ayni vaqtda uning ahvoli barqaror va u jonlantirish bo‘limiga olingan. Viskonsin shtati Adliya departamenti holat bo‘yicha tergovni boshladi. Voqea joyida bo‘lgan ikki (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, uch) politsiya xodimi xizmatdan chetlatilgan. Rasmiylar ularning ismlarini va otishmadan oldin nima bo‘lganini hozircha oshkor qilmadi. Ma’lum bo‘lishicha, politsiya voqea joyiga oilaviy janjal sabab chaqiruv orqali kelgan.
Bleykning oilasi politsiya zo‘ravonligi qurbonlari himoyachisi sifatida tanilgan Benjamin Krumpni advokat sifatida yollashgan. Krumpning ta’kidlashicha, Bleyk oiladagi janjalni tinchlantirishga yordam bergan, ammo politsiyachilar unga qurol o‘qtalib, elektroshoker bilan urgan.
Bleyk mashinasida o‘tirgan uch nafar farzandidan xabar olish uchun borgan vaqtida politsiyachilar unga o‘q uzgani aytilmoqda. Qoratanli erkakning avtomobil ichida bo‘lgan uch, besh va sakkiz yashar farzandlari otasiga qanday o‘q uzilganini ko‘rgan. Bu haqda gapirarkan, “Bu ular uchun bir umrlik jarohat bo‘lib qoladi”, deydi advokat.
Krampning so‘zlarini guvohlar ham tasdiqlagan. Ularning ma’lum qilishicha, Bleyk ikki ayol o‘rtasidagi janjalni to‘xtatishga uringan, politsiyachilar esa elektroshoker qo‘llagan va o‘q uzgan. Voqeani videoga olgan Reyzin Uaytning ma’lum qilishicha, Bleyk mashinada yetib kelgan va maysa ustida o‘tirgan o‘g‘lining oldiga borgan. U o‘g‘liga mashinaga minishni aytgan va o‘zi uyga kirib ketgan. Shu paytda video muallifi Uayt derazadan uzoqlashgan, qaytib kelganida esa politsiyachilar Bleykning bo‘ynidan ushlab turganini, uni urayotgani va elektroshoker ishlatayotganini ko‘rgan. Bleyk politsiyachilar qo‘lidan qutulib chiqqan va mashina tomonga yurgan. Shu paytda Uayt tasvirga olishni boshlagan.
Bleykni davolash va yuridik yordam uchun bir sutkada 650 ming dollar to‘plangan. Qo‘shiqchi Kardi Bi, reper 50 sent, basketbolchi Lebron Jeyms va boshqa mashhurlar politsiya zo‘ravonligini to‘xtatishni talab qilgan. Bir nechta demokrat siyosatchilar, shu jumladan, AQSH prezidentligiga nomzod Jo Bayden Kenosha politsiyasi harakatlarini qoralagan. Viskonsin gubernatori Toni Ivers politsiya tomonidan kuch ishlatilishini tartibga soluvchi qonunlar to‘plamini qabul qilish uchun shtat qonunchilik majlisining shoshilinch sessiyasini chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Minneapolis politsiyasi afroamerikalik Jorj Floydni hibsga oldi. Qo‘lga olish paytida politsiyachi erkakning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turadi. Floyd “men bo‘g‘ilyapman”, deb bir necha marta aytgan. Ammo huquq-tartibot idoralari xodimlari bunga e’tibor bermagan. Oqibatda, erkak reanimatsiyada vafot etgan. Bu AQSHda ommaviy norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
LiveBarchasi