AQSHda kollej basketbolchisi otib o‘ldirildi
Sport
−
16 yanvar 1121 2 daqiqa
Tennessi shtatining Nashvill shahridagi Fisk universitetining basketbolchisi Andre Bell otib o‘ldirildi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, 20 yoshli talaba Andre Bell gimnastika musobaqasida qatnashib, ikki do‘sti bilan kampusga qaytayotgan paytda avtomagistralda noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan avtomobildan bir nechta o‘q ovozlari eshitilgan. Bellning do‘stlari dastlab vaziyatni anglamay, haydovchining yaralanganini kechroq payqashgan. Natijada avtomobil tezligi pasayib, magistralda pikap bilan to‘qnashib ketgan.
Jiddiy tan jarohati olgan basketbolchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Mashinada bo‘lgan qolgan ikki nafar yo‘lovchiga shikast yetmagan.Nashvill politsiya boshqarmasi hodisa yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.
Tergovchilarning bildirishicha, voqea joyida topilgan singan oyna bo‘laklariga asoslanib, o‘q uzilgan avtomobilning old oynasi shikastlangan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
“U jamoamizning muhim ustuni edi. Biroq Andre, eng avvalo, o‘zining beg‘ubor tabassumi, ko‘ngilchanligi va atrofdagilarning qalbiga iliqlik ulasha olish fazilati bilan xotiramizda qoladi”, — deyiladi Fisk universiteti basketbol jamoasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Oklaxoma shtatidagi Konnors Steyt kollejining ikkinchi kurs talabasi Itan Dits Texasning Denison shahrida Greyson kollejiga qarshi bo‘lib o‘tgan basketbol o‘yinida boshidan jarohat olgandan so‘ng uch kun o‘tib vafot etgan edi.
Live
Barchasi