Tramp mashhur basketbolchi Lebron Jeymsni “irqchi” deb atadi
Sport
−
25 iyul 2511 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp basketbol yulduzi Lebron Jeymsni “irqchi” deb atadi va NBA tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi sifatida Maykl Jordanni tanlashini aytdi. Bu haqda Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Donald Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida NBA tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi haqidagi savolga javob berar ekan, basketbol yulduzi Lebron Jeymsni tanqid qilgan.
“Maykl Jordan mening do‘stim. Biz u bilan golf o‘ynaymiz. U juda yaxshi inson. Menimcha, Lebron, balki u irqchidir, balki u Trampni yoqtirmas. Bilmayman. Men faqat meni yoqtiradigan odamlarni yoqtiraman. Shuning uchun men uchun Maykl Jordan eng yaxshisi”, degan Tramp.
Trampning bayonoti Lebron Jeyms kecha, 24 iyul kuni faoliyatini Filadelfiya klubida davom ettirishini e’lon qilganidan so‘ng yangradi. Hozircha Jeyms Trampning so‘zlariga munosabat bildirmagan.
Ma’lumot uchun, Lebron Jeyms Trampning prezidentlik davrlarida uning muntazam tanqidchilaridan biri bo‘lib kelgan. U prezidentlik saylovlarida demokratlar nomzodlari Hillari Klinton, Jo Bayden va Kamala Xarrisni qo‘llab-quvvatlagan.
2017 yilda NBA chempionlarini Oq uyga taklif qilish masalasidagi bahs ortidan Jeyms Trampni “ablah” deb atagan edi.
41 yoshli Lebron Jeyms NBA’da to‘rt karra chempion va to‘rt karra eng qimmatli o‘yinchi (MVP) hisoblanadi. Shuningdek, u liga tarixida eng ko‘p ochko to‘plagan va eng ko‘p o‘yinda qatnashgan basketbolchi hisoblanadi.
63 yoshli Jordan esa 1990-yillardagi faoliyati davomida “Chikago Bullz” safida olti marta NBA chempioni bo‘lgan hamda besh marta Liganing eng qimmatli o‘yinchisi (MVP) deb topilgan.
Live
Barchasi