AQSHda ilk bor yovvoyi hayvondan Yangi Dunyo vint qurti paraziti aniqlandi
Olam
−
08:58 989 2 daqiqa
AQSHning Texas shtatida yovvoyi tabiatda Yangi Dunyo vint qurti deb ataladigan, tirik to‘qimalar bilan oziqlanadigan parazit aniqlandi. Bu mamlakatda mazkur parazit yovvoyi hayvonda qayd etilgan ilk holatdir. Bu haqda AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, parazit Texas shtatining Pekos okrugidagi ovchilik fermasida yashagan elkda aniqlangan. Hayvon ovchi tomonidan ovlanganidan keyin bu haqda tegishli idoralarga xabar berilgan.
Mazkur holat ortidan Texas hayvonlar salomatligi komissiyasi avval belgilangan zararlangan hudud chegaralarini o‘zgartiradi. AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Texas bog‘lar va yovvoyi tabiat departamenti esa hududdagi yovvoyi hayvonlarni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmoqda.
Texas yovvoyi tabiat bo‘limi direktori Alan Keyn ovchilar va yer egalarini parazit alomatlariga e’tiborli bo‘lishga chaqirgan.
“Joriy ov mavsumida dalada bo‘lganingizda Yangi Dunyo vint qurti belgilarini kuzatib borishingizni so‘raymiz“, degan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Dunyo vint qurti AQSH hududida bir necha o‘n yillar avval yo‘q qilingan edi. Biroq keyingi vaqtlarda parazit Markaziy Amerika orqali Meksikadan shimolga qarab tarqala boshlagan. Bu esa AQSH hukumatini Meksikadan qoramol importini vaqtincha to‘xtatishga majbur qilgan.
AQSH o‘tgan yili parazitning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida Meksikadan chorva mollari olib kirishni to‘xtatgan. Savdo joriy yil avgust oyida Arizona shtatidagi chegara punkti orqali bosqichma-bosqich qayta tiklangan. Importning to‘xtatilishi AQSHda qoramol ta’minotining qisqarishiga va mol go‘shti narxining rekord darajaga ko‘tarilishiga olib kelgan.
Ko‘rilgan choralarga qaramay, joriy yil iyun oyida Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh Zavalya okrugida buzoqda ham parazit aniqlangan. Shundan so‘ng AQSHda yana o‘nlab zararlanish holatlari qayd etilgan. Ular orasida ot va it ham bor.
Yangi Dunyo vint qurti pashshasining lichinkalari hayvonlarning tirik to‘qimalariga kirib, ular bilan oziqlanadi. Natijada hayvon tanasida chuqur yaralar paydo bo‘lishi, og‘ir infeksiya rivojlanishi va o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, hayvon nobud bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi