AQSHda Finlyandiya va Shvetsiya masalasida oxirgi qadam qo‘yildi
Olam
−
19 avgust 2022
4903AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken NATOga Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga qabul qilinishi bo‘yicha AQSH ratifikatsiya qilgan hujjatlarni topshirdi. Bu haqda u o‘z Twitter sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun men AQSHning ratifikatsiya protokollarini NATOga topshirdim. Bu Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi bitimlarni AQSH tomonidan ratifikatsiya qilish jarayonidagi so‘nggi qadamdir”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden joriy yilning 9 avgust kuni Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi haqidagi protokollarni imzolagan edi.
Shvetsiya va Finlyandiya masalasi
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi.
Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi blokning barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Bugungi kunga qadar alyansga kirgan 30 ta davlatdan 20 dan ortig‘i shunday qilgan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi