AQSHda F-35 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi (video)
Olam
−
31 iyul 6426 2 daqiqa
Kecha, 30 iyul kuni AQSHning Kaliforniya shtati Fresno okrugida joylashgan Lemur harbiy aviabazasi yaqinida F-35 Lightning II rusumli reaktiv qiruvchi samolyot dala hududiga qulab tushdi va yonib ketdi. Bu haqda “Fox 26 News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea mahalliy vaqt bilan soat 18:30 larda sodir bo‘lgan. Favqulodda xizmatlar hodisa joyiga yetib borgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchi halokatdan oldin samolyotdan chiqishga ulgurgan va hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
“Fox 26” manbalariga ko‘ra, qulagan samolyot AQSH Harbiy-dengiz kuchlari yoki Dengiz piyoda qo‘shinlariga tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hodisa yuzasidan barcha tafsilotlar federal darajada olib borilayotgan tergov jarayonida aniqlanadi.
Keyinchalik Lemur aviabazasi voqeani tasdiqlab, F-35 samolyoti Rough Raiders nomi bilan tanilgan VF-125 zarbali qiruvchilar eskadroniga tegishli bo‘lganini bildirgan. Mazkur eskadron F-35 uchuvchilari va ekipaj a’zolarini tayyorlash bilan shug‘ullanadigan o‘quv bo‘linmasi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, F-35 qiruvchi samolyotlari – “ko‘rinmas” texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy harbiy texnika bo‘lib, havo-havo, havo-yer hujumlarini amalga oshirish, razvedka va radioelektron kurash vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning may oyida ham F-35 samolyoti AQSHning Nyu-Meksiko shtatida qulab tushgan edi. O‘shanda ham uchuvchi omon qolgan, samolyot Janubiy Kaliforniyadagi Edvards aviabazasiga yo‘l olgan bo‘lgan.
Live
Barchasi