AQSHda dunyodagi eng qudratli narkobaronlardan biri qo‘lga olindi

Olam

image

Dunyoning eng qudratli narkobaronlaridan biri, Meksikaning “Sinaloa” karteli rahbari, “El Mayo” laqabi bilan tanilgan Ismael Zambada kecha, 25 iyul kuni AQSH federal agentlari tomonidan Texas shtatining El-Paso shahrida hibsga olindi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.

76 yoshli Zambada bilan birga jinoiy tashkilot asoschilaridan biri, hozirda AQSH qamoqxonasida o‘tirgan Xoakin “El Chapo” Gusmanning o‘g‘li Xoakin Gusman Lopes ham hibsga olingan. “The Wall Street Journal” gazetasi narkobaronlarning qo‘lga olinishi borasida yozar ekan, Zambada ichki xavfsizlik bo‘yicha tergov va Federal qidiruv byurosining bir necha oy davom etgan operatsiyasidan so‘ng, “Sinaloa”ning yuqori martabali a’zosi tomonidan samolyotga aldab chiqarilganini bayon qildi. Amerika nashrlari ushbu operatsiya Oq uy rahbari Jo Bayden ma’muriyati davrida amalga oshirilgan eng katta operatsiyalardan biri ekanligini yozmoqda.

BBC esa Zambada joriy yilning fevral oyida AQSH prokuraturasi tomonidan geroindan kuchliroq dori bo‘lgan fentanilni ishlab chiqarish va tarqatish fitnasida ayblanganini yozdi.

AQSH Bosh prokurori Merrik Garland o‘zining yozma bayonotida bu ikki shaxs dunyodagi eng zo‘ravon va kuchli giyohvand moddalar savdosini yuritadigan tashkilotlaridan birini boshqarishini aytdi.

“Fentanil mamlakatimiz duch kelgan eng halokatli giyohvandlik tahdidi hisoblanadi va Adliya departamenti har bir kartel rahbari, ularning a’zosi va hamjamiyatimizni zaharlashga intilganlarni javobgarlikka tortmaguncha tinchimaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.

AQSHda bir qator davlat ayblovchilarining ta’kidlashicha, “Sinaloa” karteli AQSHga eng yirik giyohvandlik moddalari yetkazib beruvchi hisoblanadi. Rasmiylar avvalroq fentanil 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan amerikaliklar o‘limining asosiy sababi ekanligini ta’kidlagan edi.

“Ikkala shaxs ham Qo‘shma Shtatlarda kartelning jinoiy operatsiyalariga, jumladan uning halokatli fentanil ishlab chiqarish va savdo tarmoqlariga rahbarlik qilgani uchun bir nechta ayblovlarga duch kelmoqda”, deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

AQSH davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Zambada Meksikadagi bir qancha korxonalar, jumladan, yirik sut kompaniyasi, avtobus liniyasi va mehmonxona, ko‘chmas mulk aktivlarining egasidir. U, shuningdek, qotillik, odam o‘g‘irlash, giyohvand moddalar savdosi hamda uyushgan jinoyatchilik bilan ham ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubay politsiyasi Yevropaga noqonuniy ravishda millionlab dollarlik giyohvand moddalarni olib kirgan, 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan “Arvoh” laqabli fransiyalik narkobaron Mufid Bushibini hibsga olgandi. Shuningdek, Kolumbiya politsiyasi armiya va aviatsiya bilan birgalikda mamlakatdagi eng yirik narkokartel “Ko‘rfaz klani” rahbari hisoblanmish Otoniel laqabli Dayro Antonio Usuguni qo‘lga olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jo Bayden Sinaloa Ismael' Zambada El Mayo El'-Paso shahri Xoakin Gusman Lopes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing