AQSHda bank mijozga adashib 81 trln dollar pul yubordi
Olam
−
01 mart 14844 2 daqiqa
AQSHdagi Citibank (Citigroup sho‘ba korxonasi) mijozga 280 dollar o‘rniga 81 trillion dollar pul yubordi. Bu haqda kredit tashkilotining ichki hujjatlariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, mazkur operatsiyani ikki xodim tasdiqlagan – biri to‘lov bo‘limi xodimi, ikkinchisi esa tranzaksiyalarni tekshirishga mas’ul shaxs bo‘lgan.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, pul o‘tkazmasi 2024 yil aprel oyida amalga oshirilgan. Xatolik tranzaksiya amalga oshirilganidan bir yarim soat o‘tib uchinchi xodim tomonidan aniqlangan. U bankning o‘z hisoblaridagi qoldiqlarni tahlil qilayotib, muammoni sezgan.
Bir necha soat ichida ushbu o‘tkazma bekor qilingan. Manbaga ko‘ra, mablag‘lar bankdan chiqib ketishga ulgurmagan, chunki tranzaksiya keyingi ish kuni bajarilishi lozim bo‘lgan. Bank hodisa haqida AQSH Federal rezerv tizimi va boshqa nazorat organlarini xabardor qilgan.
Citibank rasmiy bayonotida aytilishicha, ichki nazorat mexanizmlari xatoni tezda aniqlab, mablag‘ harakati to‘xtatilgan, shuningdek, bankdan mablag‘ yechib olishning oldi olinishi kafolatlangan.
“Bu hodisa bank yoki mijozga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, biz qo‘lda bajariladigan jarayonlarni yo‘q qilish va avtomatlashtirish tizimlarini yaxshilash ustida doimiy ishlayotganimizni ko‘rsatadi”, deyiladi Citigroup bayonotida.
2024 yilda Citibank 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 10 ta shunga o‘xshash xatolikni deyarli yo‘l qo‘yishiga sal qolgan, ammo ularning barchasi bekor qilingan. 2023-yilda esa xato bilan amalga oshirilgan yirik o‘tkazmalar soni 13 taga yetgan.
Citigroup aktivlarining umumiy qiymati ushbu xatolik oqibatida o‘tkazilgan 81 trillion dollarni qoplashga yetmaydi – 2024 yil sentyabr holatiga ko‘ra, bank aktivlari 2,4 trillion dollarni tashkil qilgan.
Live
Barchasi