AQSHda 8 bola otib o‘ldirildi

Olam

image

AQSHning Luiziana shtatidagi Shrivport shahrida 19 aprel tongida sodir bo‘lgan ommaviy otishma oqibatida sakkiz nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Amerika politsiyasi ma’lumotlariga tayanib, NBC News xabar berdi.

Politsiya xodimlari G‘arbiy 79-ko‘chaning 300-kvartaliga maishiy mojaro haqida kelib tushgan xabardan so‘ng yetib borgan. Shahar politsiyasi matbuot kotibi Kristofer Bordelon voqea joyini “keng hududni qamrab olgan” deb ta’riflagan – hodisa ikki uy va qo‘shni Harrison ko‘chasidagi yana bir uyda sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida jami 10 kishi jabrlangan, ulardan sakkiz nafari vafot etgan. Jabrlanganlarning yoshi 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan.

Bordelonning aytishicha, jinoyatchi voqea joyidan qochgach, G‘arbiy 79-ko‘cha va Linnvud ko‘chasi chorrahasi yaqinida avtomobilni o‘g‘irlagan. Shundan so‘ng Shrivport patrul politsiyasi uni quvib borishni boshlagan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Bossiyer okrugida quvib borish jarayonida huquq-tartibot xodimlari gumonlanuvchini otib o‘ldirgan. Bordelonning ta’kidlashicha, otishmani aynan shu shaxs sodir etgan.

Politsiya gumonlanuvchi haqida batafsil ma’lumot bermagan, biroq uydagi bolalarning ayrimlari uning farzandlari bo‘lganini bildirgan. Otishma sabablari hozircha aniqlanmagan.

Shrivport shahri meri Tom Arseno voqea yuzasidan shahar chuqur qayg‘uda ekanini aytgan.

Shahar politsiyasi boshlig‘i Ueyn Smitning ma’lum qilishicha, otishma mahalliy vaqt bilan taxminan soat 06:00 da (Toshkent vaqti bilan 14:00) sodir bo‘lgan va jami o‘n marta o‘q uzilgan. Hozirda politsiya qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘ishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinaning Santa-Fe provinsiyasidagi kichik San-Kristobal shaharchasidagi maktablardan birida otishma sodir bo‘lib, oqibatda 1 nafar o‘quvchi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

otishma Shrivport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing