AQSHda 27 ming bolaning ota-onasi hibsga olindi
Olam
−
08 may 4772 2 daqiqa
AQSHning Donald Tramp ma’muriyati muhojirlarga qarshi qat’iy siyosat doirasida minglab ota-onalarni hibsga olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning hukumat hujjatlari asosida o‘tkazgan tahliliga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki yetti oyida kamida 27 ming nafar bolaning ota-onasi qo‘lga olingan. Ushbu davrda AQSH Ichki xavfsizlik departamayenti har oy o‘rtacha 1400 nafar ota-onani deportatsiya qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi Bayden ma’muriyati davriga nisbatan qariyb ikki barobar yuqori bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlar orasida kamida 12 ming nafar AQSH fuqarosi bo‘lgan bolalarning ota-onalari ham bor. Ayrim holatlarda ota-onalar va bolalar turli davlat fuqarolari bo‘lgani sababli oilalarni birga saqlab qolish yanada mushkullashgan.
Nashr bir necha muhojir oilalarining hikoyalarini ham keltirgan. Ulardan biri – Gaitidan borgan ayol. U siyosiy zo‘ravonliklardan qochib AQSHga borgan, ammo hibsga olingach, 13 oylik qizidan minglab kilometr uzoqda saqlangan. Ayolning aytishicha, qizaloq maxsus parhezga va ona sutiga muhtoj bo‘lgan, ammo hukumat uni ozod qilishni rad etgan.
Huquq himoyachilari bu holatni oila ajratishning yangi inqirozi deb atamoqda. Ularga ko‘ra, hozirgi vaziyat Trampning birinchi prezidentlik davridagi mashhur “zero tolerance” siyosati davridan ham kengroq ko‘lamga chiqqan.
AQSH Ichki xavfsizlik departamayenti esa oilalar ataylab ajratilyotganini rad etgan. Idora vakillari ota-onalarga farzandlari bilan birga deportatsiya qilinish mumkinligi aytilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning uylariga sud qarorisiz kirishga o‘z xodimlariga ruxsat bergani haqida xabar qilingan edi.
Oybek Rustamov