AQSHda 15 yildan beri ilk bor mahkum otib o‘ldiriladi

Olam

image

Amerikaning Janubiy Karolina shtatida o‘lim jazosiga hukm qilingan Bred Sigmon o‘z qatlini otib o‘ldirish usuli bilan amalga oshirishni so‘radi. Bu usul mamlakatda 15 yildan buyon qo‘llanilmagan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Sigmonning qatl sanasi 7 martga belgilangan. 21 fevral kuni u Janubiy Karolina shtatida birinchi bo‘lib otib o‘ldirish usulini tanlagan mahkum bo‘ldi. Avvalgi variantlar – o‘lim in’eksiyasi yoki elektr stuli edi. Sigmonning advokati ikkala usulni ham “vahshiy” deb atagan.

AP ma’lumotlariga ko‘ra, 1976 yildan buyon AQSHda atigi uch mahkum otib o‘ldirish yo‘li bilan qatl etilgan. Barcha qatl holatlari Yuta shtatida amalga oshirilgan, oxirgisi 2010 yilda bo‘lgan.

Sigmon 67 yoshda. U 2001 yilda sobiq ma’shuqasining ota-onasini beysbol tayoqchasi bilan o‘ldirgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillikdan so‘ng u sobiq sevgilisini qurol bilan qo‘rqitib o‘g‘irlab ketgan, biroq qiz qochib qutulgan. Prokurorlarning fikricha, Sigmon qochayotgan qizga o‘q uzgan, ammo nishonga tegmagan.

Shunday qilib, Sigmon AQSHda 1976 yildan buyon Janubiy Karolinada qatl etilgan 46 mahbus ichida eng yoshi ulug‘i bo‘lishi mumkin. U hali ham gubernatorga murojaat qilib, o‘lim jazosini umrbod qamoq bilan almashtirish imkoniyatiga ega. Advokatlari Sigmonning qamoqxonadagi namunali xulq-atvori haqida ma’lumot bergan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning iyul oyida AQSHda federal darajada o‘lim jazolarini ijro etishga moratoriy e’lon qilingan. Biroq uni qo‘llash shtatlarga bog‘liq. 2024 yil holatiga ko‘ra, 27 shtatda o‘lim jazosi amalda, 23 shtat uni bekor qilgan, 3 shtatda (Kaliforniya, Oregon, Pensilvaniya) moratoriy amal qiladi (jazoga hukm qilinadi, lekin ijro etilmaydi).

Moratoriyni o‘sha vaqtdagi Bosh prokuror Merrik Garland Jo Bayden prezidentligi davrida joriy qilgan edi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning birinchi prezidentlik muddati (2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha) oldidan federal hukumat o‘lim jazolarini juda kam hollarda amalga oshirgan. 2003 yildan 2020 yilgacha federal darajada norasmiy moratoriy amal qilgan. Ammo 2020 yilda federal hukumat tomonidan o‘n kishi qatl etilgan, bu 1896 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bu ko‘rsatkich o‘sha yili AQSHning barcha shtatlaridagi o‘lim jazolarining ijrosi sonidan ham ko‘p bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil AQSHda 70 yil ichida birinchi marta ayol kishi qatl etilgan edi. Lizu Montgomeri ismli ayol 2004 yilda homilador ayolni vahshiyona o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan. Qatl Terre-Xot qamoqxonasida o‘ldiruvchi in’eksiya yo‘li bilan amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh o'lim jazosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing