AQSHda 130 yillik issiqlik rekordi yangilandi

Olam

image

AQSHning quyi 48 shtatida joriy yilning iyul oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy sifatida qayd etildi. O‘rtacha harorat 24,94 darajani tashkil etib, 1936 yil iyulida qayd etilgan avvalgi rekordni yangiladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iyul oyida quyi 48 shtatdagi o‘rtacha harorat 76,89 daraja Farengeytga (24,94 daraja Selsiy) yetgan. Meteorologik kuzatuvlar bo‘yicha ma’lumotlar 1895 yildan buyon yuritib kelinadi. 

Qayd etilishicha, Alyaskada havo odatdagidan salqinroq bo‘lgan bo‘lsa-da, quyi 48 shtatning barchasida iyul oyi odatdagidan issiq kelgan. Eng yuqori harorat Tog‘li G‘arb, Janubi-g‘arbiy, Shimoliy tekisliklar va Janubi-sharqiy hududlarda kuzatilgan.

Qayd etilishicha, 48 shtatning har birida iyul oyidagi harorat XX asr o‘rtacha ko‘rsatkichidan kamida 1 daraja Farengeytga (qariyb 0,6 daraja Selsiy) yuqori bo‘lgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, rekord issiqlikning asosiy omillaridan biri tungi haroratning yuqoriligi bo‘lgan. Iyul oyida tungi eng past haroratlar bo‘yicha ham rekord ko‘rsatkich qayd etilgan.

Yel universitetining iqlimshunosi Jeff Mastersning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning iyulidagi issiqlik 1930 yillardagi “Chang bo‘ronlari davri” (Dust Bowl) yillaridagi rekordlardan ham oshib ketgani iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jiddiy muammolardan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil iyul oyida okean yuzasining global harorati ushbu oy uchun tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgani, G‘arbiy Yevropada esa anomal issiq va quruq ob-havo o‘rmon yong‘inlarining ko‘payishiga olib kelgani haqida xabar berilgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing