Iyul oyida okeanlar “qaynadi”

Olam

image

2026 yil iyul oyida okean yuzasining global harorati ushbu oy uchun tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, G‘arbiy Yevropada esa anomal issiq va quruq ob-havo o‘rmon yong‘inlarining ko‘payishiga olib keldi. Bu haqda Yevropa O‘rta muddatli ob-havo prognozlari markazi (ECMWF) huzuridagi Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha “Kopernik” xizmati (C3S) iyul oyidagi harorat anomaliyalari yuzasidan e’lon qilgan hisobotida so‘z boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil iyul oyi kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq iyul bo‘lgan. Eng yuqori ko‘rsatkich 2023 yil iyul oyida qayd etilgan. O‘tgan oyda dunyo bo‘yicha quruqlik yuzasining o‘rtacha harorati 16,9 darajani tashkil etgan. Bu 1991–2020 yillardagi iyul oyi o‘rtacha ko‘rsatkichidan 0,67 darajaga, 1850–1900 yillarni o‘z ichiga olgan sanoatlashuvdan oldingi davr ko‘rsatkichidan esa 1,47 darajaga yuqori.

Yevropada ekstremal haroratlar kuzatilib, quruqlik yuzasining o‘rtacha harorati iyul oyida 20,49 darajaga yetgan. Bu 1991–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,66 daraja yuqori. Shu bilan birga, Yevropa bo‘yicha umumiy hisobda 2026 yil iyul oyi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq 11-iyul bo‘lgan. G‘arbiy Yevropada esa vaziyat ancha jiddiy kechgan.

Iyun va iyul oylari G‘arbiy Yevropa uchun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oylar sifatida qayd etilgan. 2026 yil iyul oyi mintaqadagi tarixdagi uchinchi eng issiq iyul bo‘lgan. G‘arbiy Yevropadagi ekstremal issiqlik va quruq ob-havo qit’ada, ayniqsa Ispaniya va Fransiyada keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘lgan.

Okean yuzasining o‘rtacha harorati esa iyul oyida 20,96 darajaga yetgan. Bu ko‘rsatkich ushbu oy uchun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, global okean harorati 2023 yilda qayd etilgan avvalgi rekorddan ham oshgan.

Mutaxassislar yaqin oylarda El-Nino hodisasining global okean haroratiga ta’siri yanada kuchayishini kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropada kuzatilayotgan kuchli jazirama bir qator mamlakatlarni favqulodda choralar ko‘rishga majbur qilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing