AQSH JSSTning “janoza”sini o‘qidi
Olam
−
08 iyul 2020
23034Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqish haqidagi qarorini e’lon qildi. Qayd etilishicha, qo‘shma shtatlar 2021 yilning 6 iyulidan e’tiboran JSST a’zoligidan chiqadi. Mamlakat bu haqdagi qarorini allaqachon BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 7 iyul kuni Bosh kotibning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik xabar bergan.
"2020 yil 6 iyul kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari BMT Bosh kotibiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga 1946 yilda qayd etilgan a’zolikdan 2021 yil 6 iyul kuni chiqishi haqida xabar bergan", deydi u.
Dyujarrikning ta’kidlashicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi AQSH JSSTdan chiqish tartibida ko‘zda tutilgan barcha shartlarni bajarganligini tekshirishi kerak. Ushbu shartlar a’zolikdan chiqish haqida bir yil avval ogohlantirish va tashkilot oldidagi moliyaviy majburiyatlarni to‘liq qoplashni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington JSST bilan munosabatlarni butunlay to‘xtatmoqchi ekanligini e’lon qilgandi. Boisi tashkilot rahbariyati AQSH ma’muriyati talab qilgan islohotlarni amalga oshirishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, Oq uy rahbari yana bir bor JSSTni go‘yo Xitoyni to‘liq nazoratiga olishda ayblagandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, XXR rasmiylari va JSST rahbariyati yangi koronavirusning tarqalishi munosabati bilan tegishli choralarni ko‘rmagan.
"Ular kerakli islohotlarni amalga oshira olmaganliklari sababli, bugun biz Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan aloqalarimizni uzayapmiz va moliyaviy resurslarimizni dunyodagi sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa dolzarb muammolarga yo‘naltirmoqdamiz", degan edi Tramp.
LiveBarchasi