AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya KXDRga qarshi qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazadi
Olam
−
08:31 740 1 daqiqa
Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSH 9–11 sentyabr kunlari Shimoliy Koreyaning raketa va yadroviy qurollar tahdidiga qarshi tayyorgarlikni sinash maqsadida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi. Bu haqda Janubiy Koreya rasmiylari ma’lum qildi.
“Freedom Edge” deb nomlangan har yilgi mashg‘ulotlar mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, Janubiy Koreyaga qarashli Cheju orolining janubi va sharqidagi xalqaro suvlarda o‘tkaziladi.
Uch davlatning navbatdagi mashg‘uloti AQSH prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreya bilan o‘tkaziladigan yirik qo‘shma mashg‘ulotni qisqartirganidan keyin tashkil etilmoqda. Shundan so‘ng AQSH kelasi oyga rejalashtirilgan Dengiz piyodalari korpusining Janubiy Koreya bilan qo‘shma mashg‘ulotini ham bekor qildi.
Tramp Janubiy Koreyaning Eron urushida yordam berishdan bosh tortganini mashg‘ulotlarni qisqartirish sabablaridan biri sifatida keltirgan. Shuningdek, u “Ulchi Freedom Shield” mashg‘ulotlari Shimoliy Koreyaga noto‘g‘ri signal yuborganini aytgan.
Tramp ayni paytda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan yangi sammit o‘tkazishga harakat qilmoqda. Ikki davlat rahbari 2018 va 2019 yillarda uchrashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvaloq Shimoliy Koreya AQSHning Yaponiyadagi harbiy qo‘mondonligi kengaytirilayotganini tanqid qilib, Koreya yarimorolida qurolli to‘qnashuv yuz berishi endi ehtimol emas, balki vaqt masalasi ekanini bildirgandi.
Live
Barchasi