AQSH zarbalari to‘xtasa, biz ham hujumlarimizni to‘xtatamiz – Eron manbasi

Olam

image

Eron AQSH hujumlarni to‘xtatgan taqdirda o‘z zarbalarini ham to‘xtatishini bildirdi. Bu haqda “Reuters” agentligiga ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimli eronlik manba ma’lum qilgan.

Manbaning aytishicha, Tehronning pozitsiyasi o‘zgarmagan: “zarbaga – zarba”. Agar AQSH hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham harbiy amaliyotlarini to‘xtatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xabar Vashingtonga allaqachon yetkazilgan.

13 kecha davom etgan AQSH havo hujumlaridan so‘ng Pentagon 24 iyul kuni kechqurun bombardimonlarni to‘xtatgan. Shundan beri 25-26 iyul kunlari AQSH tomonidan yangi hujumlar qayd etilmagan. AQSH bazalari joylashgan qo‘shni davlatlarga har kecha javob zarbalari berib kelgan Eron ham ikki kundan buyon hujumlarni amalga oshirmagan.

AQSHning BMTdagi elchisi Mayk Uolts “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Prezident Donald Tramp diplomatiya uchun vaqt berish maqsadida hujumlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilganini aytgan.

“U muzokaralarga imkoniyat beryapti, ularga biroz vaqt ajratyapti”, degan Uolts.

Agentlik suhbatlashgan amerikalik rasmiyning aytishicha, so‘nggi ikki haftada Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnoviga tahdidlarni jilovlash maqsadida amalga oshirilgan zarbalar avvaldan belgilangan nishonlar zaxirasini deyarli tugatgan.

Manbaning bildirishicha, AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn Trampni yirik harbiy amaliyotlarni qayta boshlash qurol-yarog‘ zaxiralariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida shaxsan ogohlantirgan. Bu, jumladan, Yaqin Sharqdagi AQSH havo mudofaasi qo‘llayotgan tutib qoluvchi raketalarga ham taalluqli.

NBC telekanalining “Meet the Press” dasturida Mayk Uolts AQSH harbiylari zarur bo‘lgan barcha vositalarga ega ekanini aytgan. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Mudofaa vaziri Pit Xegset lavozimga kelganda “kamayib ketgan zaxiralar”ni qabul qilib olgan.

“Hujumlar to‘xtaganiga nisbatan optimizmdan ko‘ra shubha kuchliroq. Asosiy qarash shuki, bu tanaffus haqiqiy emas, balki taktik xarakterga ega. Eron AQSHning, deb hisoblaydigan, aldashlaridan yetarlicha achchiq tajriba to‘plagan”, degan manba.

Ma’lumot uchun, so‘nggi ikki hafta davomida AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga qilingan hujumlarga javob sifatida har kecha Eronga zarbalar berib kelgan. Eron esa javob tariqasida Fors ko‘rfazi arab davlatlaridagi dengiz suvini tuzsizlantirish inshootlariga hujumlar uyushtirgan.

“Reuters” yozishicha, AQSHning yangi harbiy kampaniyasi o‘tgan oy urushni to‘xtatishga qaratilgan oraliq kelishuvni amalda barbod qilgan. CNN telekanali xabariga ko‘ra, 24 iyul kungi yig‘ilishda vitse-prezident Jey Di Vens ham hujumlarni davom ettirish yuzasidan ehtiyotkorlik bildirgan. “Axios” esa Yaqin Sharqdagi AQSH qo‘shinlari qo‘mondoni admiral Bred Kuper bombardimonlar samaradorlik chegarasiga yetgani uchun ularni to‘xtatishni tavsiya qilganini xabar qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga yangi miqyosda zarbalar berishni keyinga surgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing