AQSH yo Rossiya. O‘zbekiston kimni tanlaydi?
Tahlil
−
13 mart 2023
32635Dunyo va O‘zbekiston. Oxirgi besh yilda Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekistonning ham qo‘shnilar, ham dunyo mamlakatlari bilan aloqalari yaxshilandi. Qo‘shnilar tugul, G‘arb davlatlari bilan ham olaqarashlarga nuqta qo‘yildi. Pragmatik aloqalarning etagidan tutildi. Albatta, bu o‘zaro ishonchni paydo qildi, Islom Karimov davrida O‘zbekistonga qo‘yilgan sanksiyalar olib tashlandi, qarzlar berildi. Ammo bu qarzlarga nisbatan qo‘yiladigan shartlar ham ortdi. Inson huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi va yana qator huquqlar... Hukumat dunyo hamjamiyati oldida qanchalik o‘zgarganini davomiy tekshirib borish uchun xalqaro tashkilotlar muttasil kuzatuvlarini olib bormoqda va hisobotlarini e’lon qilmoqda.
Albatta, katta siyosat maydonida hal qiluvchi ovozga ega bo‘lish, shunchaki bir chetda qolib ketmaslik O‘zbekiston rahbariyatiga og‘ir mas’uliyatni yuklaydi. Ayniqsa, dunyoning har burchagida u yoki bu bo‘hron bo‘layotgan, qo‘shni Afg‘oniston tin olmayotgan va Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan, Xitoyning qulochi esa kengayib borayotgan bugunimiz kechamizdan yanada og‘irroq savollarni o‘rtaga chiqaradi. Bu savolning asosiysi esa O‘zbekiston dunyoga sodir bo‘layotgan voqealarda kimning tarafida ekanida. Shu bugun bu savol Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangradi va javobni ham uning o‘zi berdi.
Ukraina haqida gapirib, ko‘rinmay ketgan Komilov
Haqiqatan ham, O‘zbekiston kim tomonda? Aytaylik, bir yildan beri tinmayottgan Rossiya-Ukraina urushida qaysi tarafdamiz? Bugungacha O‘zbekiston Hukumati bu mavzuga uzoq to‘xtalmay kelayotgan edi. 2022 yilning 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida hisobot bergan o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘atayotgani, rasmiy Toshkent vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdoriligi, buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarurligini, O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini hamda Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” deb atalayotgan hududlarni, Rossiyaniki deb tan olmasligini aytgandi.
Shundan keyin Komilov bir oy hech qayerda ko‘rinish bermadi va lavozimini tark etdi.
Uning o‘rniga kelgan Norov esa bu mavzu haqida umuman miq etmay, o‘rnini o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Saidovga bo‘shatib berdi. Saidov ham hozirgacha Rossiya-Ukraina urushi masalasida bayonot bergani yo‘q.
Urush haqida gapirishni boshlagan Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa birinchi marta Ukrainadagi urushni shu yilning 20-21 fevral kunlari Misr Arab Respublikasiga tashrifi davomida tilga oldi.
“Rossiya-Ukraina bo‘yicha ham juda ko‘p muloqot qildik va qarashlarimiz, yo‘nalishlarimiz birligi tasdiqlandi”, deydi davlat rahbari.
Shu xolos. Prezident bu masalaga ortiqcha to‘xtalmagan va bu o‘zaro mutanosib qarashlar qandayligi mavhum.
Shavkat Mirziyoyev yana dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar va bunda O‘zbekistonning kim tomondaligi haqida gap ochdi. U bu haqda bugun, 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifida gapirgan.
O‘zbekiston, yo u tomonga o‘t, yo bu tomonga
“Katta-katta davlatlarning vakillari kelib “O‘zbekiston sen kim tomondasan? Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi. Yo u tomonga o‘t, yo bu tomonga”, deb da’vat qilyapti. “Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston, 36 mln bo‘ldi, 3-4 yilda 40 mln bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan”, deyapti”, degan Mirziyoyev.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekiston rahbariga u yoki bu tomonni tanlashni taklif qilayottganlar kim? Bu o‘rinda oxirgi sodir bo‘lgan voqealar e’tiborni ikki mamlakat, Rossiya va AQSHga qaratishimizga majbur qiladi.
Blinkenning kelishi, bezovta Putin
Gap shundaki, joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ilk rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyoning ikki mamlakati – Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelib, Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. BlinkenToshkentda o‘tkazgan matbuot anjumanida aytishicha, u O‘zbekiston rahbariyati bilan Rossiyaning Markaziy Osiyoga mumkin bo‘lgan tahdidi, inson huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar masalalari muhokama qilgan.
Mirziyoyevning aytlaridan ko‘rinyaptiki, Blinken tashrifda Toshkentga u yoki bu tomonni tanlash, neytarllikdan voz kechishni ham talab qilgan.
Blinkenning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifidan ikki kun o‘tib, 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev Chimkentda norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Prezident Matbuot xizmati tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Putin ikki mamlakat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, muloqot qildi. Uch mamlakat rahbarlarining Matbuot xizmati bergan rasmiy xabarlarda suhbatda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.
O‘lishga ham tayyorman – Mirziyoyev
Bugun Prezidentning Surxondaryoga tashrifida aytgan gaplari, shu kunlarda ko‘rgan kechirganlarimiz yana o‘sha savolni o‘rtaga chiqaradi. Haqiqatan ham O‘zbekiston kim tomonda? Bu savolga javobni ham Mirziyoyevning o‘zi aytdi:
“Savolga javob bitta: bir tomonman! Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimni manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman deb javob beraman!”
Betaraf O‘zbekiston
O‘zbekiston Rossiya-Ukraina urushida betaraf qolayotgani bugun hech kimga sir emas. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 23 fevral kuni Ukraina bo‘yicha maxsus sessiyasi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga 141 davlat ovoz berdi, 7 davlat qarshi chiqdi. Ular orasida Rossiyaning o‘zi, Belarus, Shimoliy Koreya, Mali, Nikaragua, Suriya va Eritreya bor. 32 davlat, jumladan O‘zbekiston betaraf qoldi.
Hujjatga ko‘ra, mojaroning boshlanishi uchun javobgarlik faqat Rossiya zimmasiga tushadi. Matn tomonlarni tinch aholi va mahbuslar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Shuningdek, milliy yoki xalqaro darajada tegishli, adolatli va mustaqil tergov va ta’qib qilish orqali Ukrainada sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun xalqaro huquqqa muvofiq javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidlaydi.
Dunyoda sodir bo‘layotgan hech bir voqea, ayniqsa, u Rossiya va Ukraina urushi singari keng ko‘lamli bo‘lsa, O‘zbekistonga ham ta’sir etmas qolmaydi. Bunda esa hissiyotlarga berilmay, hatto, izohlarda ham yetti o‘lchab bir kesgan ma’qul.
LiveBarchasi