AQSH yana Parij iqlim kelishuvidan chiqishi mumkin – NYT
Olam
−
09 noyabr
1122Amerika Qo‘shma Shtatlari saylovda g‘alaba qozongan Donald Trampning prezidentligi davomida qaytadan Parij iqlim kelishuvidan chiqishi, shuningdek, bir qator tabiatni muhofaza qilish cheklovlarini bekor qilish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Tramp jamoasi iqlim va energetika sohalarida bir necha ijro farmonlarini tayyorlagan. Ularda AQSHning Parij iqlim kelishuvidan chiqishi va mamlakat g‘arbidagi himoyalangan tabiat hududlari maydonini qisqartirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu neft qazib olishni kengaytirish imkonini yaratadi. Shuningdek, 7 ming nafar xodimga ega bo‘lgan Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi bosh qarorgohini Vashingtondan boshqa shaharga ko‘chirish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Shu tariqa, respublikachilar vakili Tramp demokratik partiyadan amaldagi Prezident Jo Baydenning barcha ekologik harakatlarini rad etishni maqsad qilmoqda. Bayden esa muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod chiqindilarini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Bundan tashqari, yangi hukumat an’anaviy energiya manbalarini ko‘paytirish ishlarini davlat muassasalari bo‘yicha muvofiqlashtirib boradigan asosiy energiya koordinatori lavozimini tashkil etishni ham ko‘zlamoqda. Bu lavozimga bo‘lajak nomzodlar sifatida Shimoliy Dakota shtati gubernatori, milliarder Dug Bergum va Trampning birinchi ma’muriyatidagi sobiq Energetika vaziri Den Bruyett ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Parij iqlim kelishuvi 2015 yil 12 dekabrda qabul qilingan. Hujjatga AQSH, Xitoy, Rossiya va boshqa 175 davlat imzo chekkan. Bu tarixda birinchi marta barcha davlatlarni iqlim o‘zgarishlarini cheklash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirgan kelishuv hisoblanadi. Uning maqsadi global isishni sanoatgacha bo‘lgan davrdagi darajadan 1,5 daraja pastda ushlash va 2100 yilgacha o‘rtacha global haroratning ikki darajadan oshib ketishining oldini olish.
AQSH 2017 yilda Parij kelishuvidan chiqishini e’lon qilgan, ammo rasman faqat 2020 yil noyabrda chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Bayden o‘zining birinchi ish kunida, 2021 yil 20 yanvarda, AQSHni kelishuvga qaytarish to‘g‘risida farmon imzolagan.