AQSH yana BMT Xavfsizlik Kengashining Isroilni qoralashiga yo‘l qo‘ymadi
Olam
−
01 mart
5105BMT Xavfsizlik Kengashi AQSHning qarshiligi sabab G‘azo shahri yaqinida oziq-ovqat va boshqa gumanitar yordamlar yetkazilishini kutayotgan odamlarning o‘limida Isroil harbiylarini ayblagan bayonotni qabul qila olmadi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansurning Xavfsizlik Kengashining favqulodda yopiq yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qilishicha, kengashning 15 a’zosidan 14 nafari Jazoir tomonidan ilgari surilgan bayonotni qo‘llab-quvvatlagan. Faqat AQSH bunga qarshi chiqqan.
O‘z navbatida, AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud barcha faktlar yo‘qligini va bu muammo ekanini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qarama-qarshi xabarlar mavjud va Qo‘shma Shtatlar barcha faktlarni to‘plashga harakat qilmoqda.
“Anadolu” agentligining yozishicha, bayonot loyihasida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan chuqur tashvish bildirilgan. Hujjat barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga muvofiq, G‘azo sektoridagi tinch aholini asosiy xizmatlar va insonparvarlik yordamidan mahrum qilishdan tiyilishga chaqiradi.
Loyiha mualliflari shoshilinch choralar ko‘rilmasa, G‘azo sektorining 2,2 million kishilik butun aholisiga ta’sir ko‘rsatadigan o‘tkir oziq-ovqat inqirozi xavfi haqida ogohlantirgan.
Xavfsizlik Kengashi a’zolari Isroilni G‘azoga gumanitar yordam oqimini osonlashtirish uchun o‘tish joyini yopmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 fevral kuni Isroilning G‘azo sektorida gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga hujum qilgandi. Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 112 kishiga yetdi.
LiveBarchasi