AQSH Yaqin Sharqqa yadroviy suvosti kemalarini yubordi

Olam

image

AQSH Yaqin Sharqqa yadroviy suvosti kemasini yuborishini ochiqchasiga e’lon qildi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi tarqatgan bayonotga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yaqin Sharqqa boshqariladigan yadroviy raketali suvosti kemasini joylashtirishni buyurgan. AQSH hukumatining ushbu qarori Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayishi fonida qabul qilingan. Vashington rasmiylari qiruvchi samolyotlar va quruqlik qo‘shinlaridan tashqari suvosti kemalari ham Isroil mudofaasida qatnashishi kerak degan xulosaga kelgan.

G‘arb koalitsiyasi HAMAS va “Hizbulloh”ning yuqori martabali a’zolari o‘ldirilganidan keyin Eron hujumi sodir bo‘lishiga tayyorlanmoqda. Yaqin Sharqdagi bir qancha agentliklar hujum 15 avgustgacha sodir bo‘lishini aytgan.

AQSH harbiylariga ko‘ra, yadroviy suvosti kemasi USS Georgia iyul oyidayoq O‘rtayer dengiziga kirib borgan. Endilikda u Isroil sohillariga olib boriladi.

Lloyd Ostin, shuningdek, “Avraam Linkoln” tezkor hujum guruhiga ham Yaqin Sharqqa joylashishni buyurgan. Ushbu bo‘linmani bahsli mintaqaga yuborishdan maqsad hozircha aniq emas.

“Ostin Qo‘shma Shtatlarning Isroilni himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan qadamni tashlash majburiyatini yana bir bor ta’kidladi va mintaqaviy taranglikning kuchayishi munosabati bilan AQSH harbiy kuchlari pozitsiyasi va imkoniyatlarini Yaqin Sharqda kuchaytirayotganini ta’kidladi”, deyiladi Pentagon tarqatgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagonning Eron va uning ittifoqchilarining ehtimoliy hujumlariga qarshi Isroilni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yuborgandi. F/A-18 qiruvchi samolyotlari AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazasiga USS Thyeodor Roosevelt aviatashuvchi kemasidan uchib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaqin Sharq suvosti kemalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing