AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuch yubordi 

Olam

image

AQSH Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashganidan keyin Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yubordi. Bu haqda Pentagonga tayanib, “Politico” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qaror AQSH kuchlarining mintaqadagi mudofaa qudratini oshirish va mintaqaviy to‘xtatuvchanlikni saqlash maqsadida qabul qilingan. Bildirishicha, Eron AQSHning aralashuviga olib keladigan mintaqaviy mojaroni qo‘zg‘atishdan ko‘ra, signal yuborish orqali Isroilga qarshi javob zarbasi berish rejalarini o‘zgartiryapti.

Anonimlik sharti bilan gapirgan ikki amerikalik mulozimning aytishicha, Tehron yaqin kunlarda Isroilga odatdagidan kattaroq havo hujumi uyushtirmoqchi, jumladan, buning uchun raketalar va dron hujumlari kombinatsiyasi tayyorlanmoqda.

Nashrga ko‘ra, suhbatdoshlarning hech biri Eron Isroilga AQSHni harbiy javob berishga undamaydigan tarzda zarba bera olishiga to‘liq ishonch bildirmagan. Biroq, Bayden ma’muriyati uzoq vaqtdan beri Eron mintaqaviy inqirozni yanada kengaytirishga intilmasligini aniqlagan.

Ulardan birining aytishicha, Vashington Eron shu hafta oxirigacha Isroilga zarba berishini kutmoqda.

Isroil-Eron ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi.

Eron yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiyning aytishicha, konsullikka berilgan zarbalar mamlakat hududiga qilingan hujumni anglatadi. 

AQSH Prezidenti Jo Bayden Vashington Eronning Isroilga hujumi tahdidi oldida Tel-Avivga yordam berishda davom etishini aytdi.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats esa Tel-Aviv Isroil hududiga hujum uyushtirilgan taqdirda Eronga javob berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Ayrim davlatlar mintaqada keskinlik kuchayganligi sababli fuqarolariga Eron va Isroilga sayohat qilmaslikni tavsiya qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Yaqin Sharq Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing