AQSH Venesuela bilan urushmoqchi emas – Tramp

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuela bilan qurolli to‘qnashuvga borishni istamaydi va ayni damda mamlakatlar jangovar holatda ham emas. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “NBC News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Trampga ko‘ra, Venesuela rasmiylari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar va qamoqxonalaridagi mahbuslarini, shuningdek, ruhiy kasalliklar shifoxonalarining bemorlarini AQSHga yubormoqda. Vashington esa bunday harakatlarni amalga oshirayotgan rasmiylarga qarshi kurash olib bormoqda. Shu bilan birga, u zarurat tug‘ilsa, AQSH kuchlari yana Venesuelaga yuborilishi mumkinligini ham istisno etmagan.

“Amerika Venesuela bilan urush qilmoqchi emas. Biz yomon odamlarga qarshi kurashdik, xolos”, degan Oq uy rahbari.

Trampning aytishicha, Venesuelani boshqarishda AQSH tomonidan ishtirok etadigan amaldorlar guruhiga Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Hegset, Oq uy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Stiven Miller va vitse-prezident Jey Di Vens kiradi. Boshqaruvdagi asosiy shaxs esa Trampning o‘zi bo‘lib qoladi.

Oq uy yetakchisining fikricha, Venesuelada yaqin 30 kun ichida saylov o‘tkazishning imkoni yo‘q, chunki avvalo mamlakatda tartib o‘rnatish kerak.

“Bunga vaqt ketadi. Biz mamlakatning tiklanishiga yordam berishimiz kerak”, degan Tramp.

U, shuningdek, vaqtincha prezident sifatida qasamyod qilgan Delsi Rodriges AQSH bilan hamkorlik qilayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Nikolas Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyagacha AQSH Venesuela rasmiylarining birortasi  bilan hech qanday aloqada bo‘lmagan. Tramp Rodriges ham AQSH sanksiyalari ostida ekanini eslatib, ularning saqlanib qolishi yoki bekor qilinishi masalasi yaqin vaqtda hal etilishini bildirgan. Shu bilan birga, agar Rodriges AQSH bilan hamkorlikni to‘xtatsa, Qo‘shma Shtatlar yana kuch ishlatishi mumkinligini ham tan olgan.

Venesuelaning muvaqqat prezidenti esa avvalroq Trampga murojaat qilib, venesuelaliklar “urush emas, tinchlikka loyiq” ekanini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Venesuelada o‘tkazgan operatsiyasi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan.

Kecha, 5 yanvar kuni Nikolas Maduro va uning rafiqasi Nyu-York sudida ishtirok etib, o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmasliklarini ma’lum qildi. Nyu-Yorkdagi sud majlisida Maduro o‘zini halol inson ekanini aytib, hanuz Venesuela Prezidenti bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan. AQSH sudi Maduroga Venesuela konsullik xodimlari bilan uchrashishga ruxsat bergan. Keyingi sud majlisi joriy yilning 17 mart kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing