AQSH va O‘zbekiston Afg‘onistondan o‘tgan aviatexnikalar bo‘yicha kelishuvga erishdi. “Tolibon” esa bundan norozi

Jamiyat

image

“Tolibon” Qobulni egallaganda Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchib o‘tgan bir qancha harbiy samolyot, vertolyot va boshqa qurilmalar Vashington-Toshkent kelishuviga ko‘ra, O‘zbekistonda qoladigan bo‘ldi. Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi mudofaa vazirligi esa sobiq hukumat samolyotlari bo‘yicha AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvni nomaqbul deb atadi. Bu haqda “The Khaama Press” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Tolibon” O‘zbekistondan AQSH bilan kelishuvga zid ravishda sobiq hukumat samolyotlarini Afg‘onistonga qaytarishni talab qilgan. “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda ularning soni 81 ta. Chunki Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari uchuvchilari samolyot va vertolyotlarning bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Shu paytda AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik Afg‘onistonning sobiq harbiy samolyotlari taqdiri bo‘yicha O‘zbekiston bilan kelishuvni e’lon qilib, ular Vashingtonga tegishli ekanini bildirdi.  Vashington-Toshkent kelishuviga ko‘ra, sobiq Afg‘oniston hukumati samolyotlari O‘zbekistonda qoladi.

Henik bu samolyotlar hech qachon afg‘onlarga tegishli bo‘lmagani, Afg‘oniston harbiylari ulardan foydalangani, ammo egalik huquqi har doim AQSHda qolganini ta’kidlagan.

Bunga javoban “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi mudofaa vazirligi kelishuvni nomaqbul deb atadi va qo‘shnichilik munosabatlari muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistondan Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari samolyotlarini "Tolibon" ma’muriyatiga topshirishda hamkorlik qilishni so‘radi.

“Vaziyat rivojlanib borar ekan, barcha manfaatdor tomonlar ushbu xavotirlarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishlari va mintaqaviy dinamika va xalqaro kelishuvlarni hurmat qiladigan yechim yo‘lida harakat qilishlari muhim bo‘lib qolmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston aviatexnika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing