AQSH va uning ittifoqchilari uch davlatga bosim o‘tkazyapti – “Reuters”

Olam

image

AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Liberiya, Marshall orollari va Panamaga o‘z bayroqlari ostida suzuvchi kemalar ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bosim o‘tkazmoqda. Bundan belgilangan chegaradan yuqori narxlarda sotiladigan Rossiya neftini tashishni to‘xtatish maqsad qilingan. Bu haqda mamlakatlar o‘rtasidagi yozishmalarga kirish imkoniga ega bo‘lgan “Reuters” manbasi xabar berdi.

Ushbu chora-tadbirlar G‘arbning Rossiya neftiga 60 dollarlik narx cheklovini qo‘llash bo‘yicha sa’y-harakatlari kuchayganidan dalolat beradi.

Kiritilgan mexanizm G‘arb kompaniyalariga Rossiya neftining chegaradan yuqori narxlarda savdosini osonlashtirish uchun transport, sug‘urta va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlaydi.

“Rossiya neftni tashish va cheklovlarni chetlab o‘tish uchun eski tankerlar parkidan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Panama, Marshall orollari va Liberiya bu tankerlarning ba’zilariga o‘z bayroqlari ostida suzishga ruxsat berdi”, deydi tahlilchilar.

“Bayroqni almashtirish” deb nomlanuvchi ushbu amaliyot Rossiya neftini sotish uchun yaratilgan kompaniyalarga yuqorida sanab o‘tilgan uch mamlakat bayroqlaridan foydalanish va sanksiyalarni chetlab o‘tish imkonini beradi.

Lloydʼs List Intelligence tahliliy firmasiga ko‘ra, “qorong‘i” flotdagi taxminan 535 tankerning 40 foizi Marshall orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarga tegishli.

“Reuters” manbasining ta’kidlashicha, uning qo‘lidagi maktublarda Panama, Marshall orollari va Liberiyaga G7 mamlakatlari tomonidan o‘rnatilgan Rossiya neftiga narxlar cheklovlarini chetlab o‘tish holatlari ko‘payib borayotgani, shuningdek, G‘arb sug‘urtasiga ega bo‘lmagan kemalar bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirishlar mavjud.

Qayd etilishicha, mazkur uch davlatning o‘zi sanksiyalarga duch kelmaydi. Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari tomonidan bosimning maqsadi Rossiya neftini suv orqali tashiydigan kemalar sonini kamaytirish emas, balki narxlarning yuqori chegaralariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish va neftni tashishda Rossiyaning xarajatlarini oshirishdir.

“Reuters” manbasining ta’kidlashicha, Panama AQSHning noqonuniy faoliyatga qarshi kurash bo‘yicha so‘rovlariga javob bergan.

Shuningdek, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Liberiya va Marshall orollaridan savdo ishtirokchilari orasida ularning bayrog‘i marginal narxdan yuqori neft tashuvchi tankerlarda ishlatilmasligi haqida xabardorlikni oshirishni so‘ragan.

Panama, Marshall orollari va Liberiya rasmiylariga yuborilgan maktublarga AQSH moliya vazirining o‘rinbosari Brayan Nelson, Buyuk Britaniya Moliya vazirligining xalqaro moliya bo‘limi boshlig‘i Lindsi Uayt va Yevropa Komissiyasining moliyaviy xizmatlar departamenti rahbari Jon Berrigan imzo chekkan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qo‘shma Shtatlar Birlashgan Arab Amirliklarining ikki va Liberiyaning bitta kompaniyasiga hamda ularning tankerlariga narx chegarasidan yuqori sotilgan Rossiya neftini tashiganlik uchun sanksiyalar kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing