AQSH va Rossiya “Shimoliy oqim”ni qayta ishga tushirish bo‘yicha maxfiy muzokaralar o‘tkazmoqda

Olam

image

AQSH va Rossiya rasmiylari bir necha haftadan beri “Shimoliy oqim 2” gaz quvurini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “Bild” xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Richard Grenell allaqachon Shveysariyaga bir necha bor tashrif buyurgan. Nashr muzokaralarda yana kimlar ishtirok etayotgani haqida xabar bermagan.

Xabarda aytilishicha, AQSH Rossiya gazini Germaniyaga quvur orqali yetkazib berishda vositachi bo‘lishni xohlaydi, lekin faqat xususiy kompaniyalar darajasida. Grenellning o‘zi esa Rossiya bilan gaz quvuri bo‘yicha har qanday muzokaralar olib borayotganini rad etmoqda.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘rov bo‘yicha “Bild” nashriga izoh berishdan bosh tortgan, chunki nemis nashri ma’lumotlari allaqachon Grenell tomonidan rad etilgan.

“Hozir haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan juda ko‘p ma’lumotlar mavjud. Shuning uchun men bu yerda biror narsani izohlashdan ma’no ko‘rmayapman”, degan Kreml vakili.

“Financial Times” ham “Shimoliy oqim 2” bo‘yicha muzokaralar haqida xabar bergan. Gazetaning yozishicha, Nord Stream 2 AG kompaniyasining sobiq bosh direktori Mattias Uordnig amerikalik investorlar yordamida loyihani qayta boshlashga urinmoqda va Donald Tramp ma’muriyatidan yordam so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham AQSH va Rossiya rasmiylari so‘nggi oylarda Shveysariyada Ukrainadagi mojaroni muhokama qilish uchun bir qator maxfiy muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Rossiya Shimoliy oqim 2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing