AQSH va G‘arb davlatlari Ukrainaga yordamni ikki baravar ko‘paytirmoqchi

Olam

image

Joriy yilning 18-20 noyabr kunlari Kanadada Xalqaro xavfsizlik forumining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitda Rossiyaning Ukrainaga agressiyasini to‘xtatish uchun muzokaralar o‘tkazish emas, Ukrainaga qurol-yarog‘ va mamlakatni har qanday holatda qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida so‘z bordi. Global demokratiyani saqlab qolishning yagona yo‘li Ukrainaga ko‘mak berishdir. Bu haqda “Politico” nashri yozmoqda.

Xalqaro xavfsizlik forumi uzoq vaqtdan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari va G‘arb davlatlari yetakchilarining demokratiyani targ‘ib qilishga qaratilgan muhim masalalarning muhokamasiga xizmat qiladi. Forumning bu yilgi sammitda asosiy mavzu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tajovuzkorligiga qarshi kurashish bo‘ldi.

Ukrainaga yordam berish Rossiya bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazish haqida kuchayib borayotgan fikrlarga qarshi chiqadi.

Ukraina parlamentining sobiq a’zosi Anna Gopko “qurolsiz demokratiya yo‘q” deydi.

Hattoki, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ham Rossiya va Ukraina o‘rtasida diplomatik muzokaralar qachon boshlanishi to‘g‘risida kelisholmayapti. Biroq Kiyevga uzuluksiz yordam berish kerakligi to‘g‘risida bir qancha dalillar bor.

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa Shimoliy Amerika Ukrainadagi urushni chetlab o‘tolmasligini ta’kidladi.

“Ukrainadagi urush natijasi asr boshida global xavfsizlik yo‘nalishini aniqlashga yordam beradi. Biz Shimoliy Amerikadagilar buni chetlab o‘tish imkoniyatiga ega emasmiz. Atlantikaning har ikki tomonida barqarorlik va farovonlik xavf ostida”, degan Lloyd Ostin.

Niderlandiya Mudofaa vaziri Kaysa Ollongren sammitdagi nutqida Ukraina urushni olib borayotgan bo‘lsa-da, bu ularning urushi ekanligini aytdi.

“Biz Rossiya va Putinning bunday tajovuzdan qutulib qolishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Ukrainaliklar bu urushni olib bormoqda, ammo bu bizning urushimiz. Agar Rossiya g‘alaba qozonsa, bu bizning xavfsizligimizga bevosita ta’sir qiladi”, degan Niderlandiya Mudofaa vaziri.

Sammit doirasida Rossiya-Ukraina muzokaralarini qay tarzda boshlash muhokama qilindi. Biroq konfrensiyaning asosiy sessiyalari Ukrainaga yordamni ikki barobar ko‘paytirishga bag‘ishlandi.

Xalqaro xavfsizlik forumining Kanada sammitida ishtirok etish uchun minglab kilometr yo‘l bosib kelgan Ukraina rasmiylarining aytishicha, qo‘llab-quvvatlov ularni nihoyatda ruhlantirgan. Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishinaning so‘zlariga ko‘ra, u Kanadagi sammitda kuchli aloqalarni his qilgan.

AQSHda Oraliq saylovlar yakunlangach, Demokratlar partiyasi Vakillar palatasidagi nazoratni Respublikachilarga boy berdi. Bu esa Ukrainaga yordamning susayishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi iddaolar anchadan mavjud edi. Ammo ayrim respublikachilarning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ikkita partiya ham yoqlaydigan masaladir.

Shuningdek, sammitga tashrif buyurgan Ukraina rasmiylari Rossiya 2014 yilda bosib olgan Qrimni qaytarib olish borasida ham gapirgan. Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida ukrain qo‘shinlari dekabr oyining oxirigacha Qirimda bo‘lishini bildirgan.

AQSH Kongressi esa Ukrainaga 38 milliard dollarlik yordam paketi ajratish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Ma’lum qilinishicha, Jo Bayden ma’muriyati Rossiya urush boshlaganidan beri Ukrainaga 66 milliard dollarlik harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro xavfsizlik forumida Valdimir Zeleskiyning yozib olingan nutqi eshittirilgandi. Ukraina rahbari vaqtinchalik sulh Rossiyaning foydasiga ishlashini aytib, muzokaralardan bosh tortgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden Lloyd Ostin Valdimir Zeleskiy

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing