AQSH va Eron o‘rtasidagi urush dollarga talabni oshirdi
3-sahifa
−
09:41 4782 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuv jahonda Amerika valyutasiga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin investorlar faol ravishda dollarga o‘ta boshlagan. Geosiyosiy xatarlar kuchayishi fonida bozor ishtirokchilari jahon moliyaviy tizimidagi eng likvid aktiv – dollar orqali o‘z mablag‘larini himoya qilishga harakat qilmoqda. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ikki kun ichida dollar indeksi boshqa jahon valyutalariga nisbatan taxminan 2 foizga oshgan.
“Satori Insights” asoschisi Mett Kingning ta’kidlashicha, dollar kursining keskin o‘sishi asosan kapital oqimlarining qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq. Investorlar so‘nggi oylarda ko‘plab bozorlarni qo‘llab-quvvatlab turgan spekulyativ pozitsiyalarni tezda yopib, likvid aktivlarga o‘tmoqda. Natijada dunyodagi ko‘plab moliya bozorlari pasaymoqda. Jumladan, KOCPI indeksi ikki kun ichida qariyb 20 foizga tushib ketgan.
Erondagi keskinlik kuchayishidan oldin dollar bosim ostida edi. Dollar indeksi yanvar oyida taxminan 2 foizga pasayib, so‘nggi to‘rt yildagi eng past darajaga tushgan, o‘tgan yil davomida esa 10 foizdan ortiq qadrsizlangan. Investor Jeffri Gandlaxning fikricha, bu tendensiya uzoq muddatli bo‘lishi mumkin. Shu bois investorlarga real aktivlar va rivojlanayotgan bozorlar aksiyalariga sarmoya ulushini oshirish tavsiya etilgan.
Amerika valyutasining global ustunligi zaiflashishi qariyb chorak asrdan beri davom etmoqda. Bu jarayon Yevro 1999 yilda paydo bo‘lishi va Xitoyning 2001 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bilan boshlangan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, jahon valyuta zaxiralarida dollar ulushi 2000 yillar boshidagi 70 foizdan ortiq ko‘rsatkichdan hozirgi kunda taxminan 57 foizgacha tushgan. Shunga qaramay, dollar xalqaro savdoda hali ham keng qo‘llaniladi.
Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotiga ko‘ra, valyuta bozoridagi barcha operatsiyalarning taxminan 89 foizida Amerika valyutasi ishtirok etadi. Bu so‘nggi 25 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, yevro operatsiyalarning taxminan 29 foizida qatnashadi. Neft bozorida esa dollar asosiy hisob-kitob valyutasi bo‘lib qolmoqda: jahon neft savdosining faqat 20 foizi boshqa valyutalarda, masalan yevro yoki Xitoy yuanida amalga oshiriladi. Qolgan 80 foiz operatsiyalar dollarda hisoblanadi.