AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh muddati uzaytirildi
Olam
−
08:43 2783 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish haqida buyruq berdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uning aytishicha, Pokiston rahbariyati vositachilik qilib, AQSHdan Eronga zarbalarni vaqtincha to‘xtatishni so‘ragan. Shu sabab Tramp AQSH Qurolli kuchlariga Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani davom ettirish, jangovar tayyorgarlikni saqlab turish va muzokaralar yakuniga qadar sulhni uzaytirishni buyurgan.
8 aprel kuni tuzilgan vaqtinchalik sulh 21 aprel kuni o‘z kuchini yo‘qotgan edi.
Avvalroq, Eron Pokistonda AQSH bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarning ikkinchi bosqichida qatnashishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning safar ham noma’lum muddatga kechiktirilgan.
O‘tgan hafta Tramp AQSH delegatsiyasi Islomobodga yo‘l olishini va u yerda Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishini bildirgandi. Delegatsiyaga aynan Vens boshchilik qilishi rejalashtirilgan edi.
8 aprel kungi ikki haftalik sulh arafasida tomonlar o‘zaro talablar ro‘yxatini taqdim etgan.
AQSH taklifida 15 ta band bo‘lib, ular orasida:
- Hormuz bo‘g‘ozini ochish;
- Eronning raketa dasturini cheklash;
- yadroviy dasturdan to‘liq voz kechish (barcha ob’ektlarni demontaj qilish va boyitilgan uranni Xalqaro atom energiyasi agentligiga topshirish);
- mintaqadagi ittifoqchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish kabi talablar bor. Evaziga AQSH sanksiyalarni bekor qilish va Eronning tinch yadroviy energetikasini rivojlantirishga yordam berishni va’da qilgan.
Eron taklifi esa 10 banddan iborat bo‘lib, unda:
- AQSHning hujum qilmaslik kafolati;
- Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni tan olish;
- uran boyitish huquqini e’tirof etish;
- barcha sanksiyalarni bekor qilish;
- AQSH qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish kabi talablar ilgari surilgan.
Shuningdek, Eron AQSHdan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lashni ham talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron bilan sulh muddatini endi uzaytirmasligini bildirgandi va harbiy harakatlar davom ettirilishi mumkinligini inkor etmagandi.
Live
Barchasi