AQSH va Eron to‘qnashuvi fonida neft narxi keskin oshdi
Olam
−
11:16 561 2 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning kuchayishi ortidan jahon neft bozorida narxlar iyul oyidagiga nisbatan eng yuqori haftalik o‘sishni qayd etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bugun, 4 sentyabr kuni Brent nefti fyucherslari 54 sentga yoki 0,6 foizga oshib, 96,06 dollarni tashkil qilgan. AQSHning West Texas Intermediate (WTI) nefti esa 80 sentga yoki 0,9 foizga qimmatlab, 92,10 dollarga yetgan.
Haftalik hisobda Brent narxi 7,6 foizga, WTI esa 10,4 foizga oshgan. Bu 20 iyulda yakunlangan haftadan beri qayd etilgan eng yuqori haftalik o‘sish hisoblanadi.
Neft narxining ko‘tarilishiga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va mintaqadan neft yetkazib berish xavfi kuchaygani sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning shu hafta Eronga bergan zarbalari oqibatida o‘nlab odam, jumladan, tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va yaralangan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi iyul oyidan beri yuz bergan eng shiddatli to‘qnashuv bo‘lgan.
Shu bilan birga, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Isroil Eronning harbiy va fuqarolik infratuzilmasini, jumladan, energetika ob’ektlarini “falaj qilishi” mumkinligi haqidagi ogohlantirishini yana bir bor takrorlagan.
ANZ tahlilchilari esa Brent neftining qisqa muddatli narx prognozini bir barrel uchun 95 dollargacha oshirgan. Ularning fikricha, Yaqin Sharqdagi mojaro yanada kuchaysa, narxlar bundan ham yuqorilashi mumkin.
“Bozor nozik moslashuv bosqichiga kirmoqda. Tovar zaxiralarining ko‘payishi dastlabki ta’minot inqirozini yengishga yordam berdi, biroq endilikda buferlar kamayib borayotgani sababli bozor muvozanatini saqlash qiyinlashmoqda”, deya ta’kidlagan tahlilchilar.
AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens kecha, 3 sentyabr kuni, agar Tehron Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujum qilishni to‘xtatmasa, Vashington Eron bilan muzokara olib borishni rejalashtirmayotganini bildirgan.
Eron esa o‘z talablariga javob bermaydigan deb hisoblagan kemalar ro‘yxatini kengaytirgan.
Bunday kemalar Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan taqdirda jarimaga tortilishi, musodara qilinishi yoki hibsga olinishi mumkin.
Shu bilan birga, Iroq avgust oyida neft eksportini iyul oyidagi kuniga qariyb 1,35 million barreldan 2,34 million barrelgacha oshirgan. Sentyabr oyida ham eksport hajmining oshishi kutilmoqda. Bunga katta chegirmalar hamda Iroq tankerlarining Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishiga Eron tomonidan ruxsat berilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati hali ham mavjudligini bildirgan. U AQSH va Xitoy ham tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy keskinlik pasaygani ortidan jahon bozorida neft narxlari tushishni boshlagan edi.
Live
Barchasi