AQSH va Eron o‘rtasidagi hujumlar to‘xtagach, neft narxlari pasaydi
Olam
−
11:35 1207 2 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy keskinlik pasaygani ortidan jahon bozorida neft narxlari tushishni boshladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kecha, 26 iyul kungi dastlabki savdolarda Brent markali neft narxi 4,9 foizga arzonlab, bir barrel uchun 92,02 dollarni tashkil qilgan. Bu 24 iyul kungi 3,9 foizlik pasayishdan keyingi navbatdagi tushish bo‘ldi.
Avvalroq, Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi va keng ko‘lamli urush ehtimoli sababli neft narxlari keskin oshgan edi. O‘tgan hafta Brent markali neft narxi qisqa muddatga 102 dollargacha ko‘tarilib, may oyidan beri eng yuqori darajaga yetgan.
Tahlilchilarni esa Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat xavotirga solgan. Mazkur hudud orqali dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi tashiladi. Harbiy to‘qnashuvlar sabab tankerlar harakati cheklangani global neft ta’minotiga xavf tug‘dirgan.
Neft ishlab chiqaruvchi davlatlar muqobil yo‘nalishlarni izlayotgan bo‘lsa-da, mintaqadagi xavfsizlik muammolari saqlanib qolmoqda. Xususan, o‘tgan hafta Saudiya Arabistonining neftini tashiyotgan ayrim tankerlar Qizil dengiz hududida hujumlarga uchragan.
Neft narxining pasayishi yonilg‘i bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. AQSHda oddiy benzinning o‘rtacha narxi hozirda bir gallon uchun 4,11 dollarni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bir oy avval 3,90 dollar, bir yil oldin esa 3,15 dollar edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskinlashuvlar ortidan jahon neft bozorida narxlar keskin ko‘tarilib, joriy yilning 20 iyul kungi holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi bir barrel uchun 90 AQSH dollaridan oshgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi