AQSH o‘ziga yordam bergan afg‘onistonliklarni qaysi davlatlarga joylashtirishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
23 iyul 2021
13595Vashington 35 mingga yaqin afg‘onistonlikka viza berilgunga qadar ularni AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazasiga joylashtirmoqchi. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni “The Wall Street Journal” gazetasida chop etilgan maqolada so‘z boradi.
Qayd etilishicha, AQSH harbiylari Kuvayt va Qatardagi Amerikaning ikki harbiy bazasiga 35 minggacha afg‘onistonlik tarjimonlar va ularning oila a’zolarini joylashtirmoqchi. Bunga Afg‘onistonda ularga nisbatan xavfning mavjudligi sabab bo‘lmoqda.
Xabarga ko‘ra, “Tolibon” yuqoridagi afg‘onistonliklarni amerikaliklarga yordam bergani uchun o‘ldirishi va shu orqali “qasos olishi” mumkin.
“Yaqin Sharqdagi harbiy ob’ektlarda afg‘onlar kamida 18 oyga vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlanadi. Amerika immigratsion vizalarini berish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgunga qadar ular o‘sha harbiy bazalarda qoladi. Afg‘onistonliklarga beriladigan uy-joy uchun xarajat AQSH ma’murlari tomonidan qoplanadi, bu esa “bir necha yuz million dollar”ga teng bo‘lishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
G‘arb ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Amerika qo‘shinlariga, shu jumladan tarjimon sifatida yordam bergan 18 mingga yaqin afg‘onistonlik hamda ularning 53 ming oila a’zolari Qo‘shma Shtatlarga immigratsion vizalar olish umidida.
Biroq, bu juda uzoq jarayon, shuning uchun ularni evakuatsiya qilishga qaror qilindi. “The New York Times” gazetasining yozishicha, Afg‘onistondan evakuatsiya qilish Amerika vizasi arizasini ko‘rib chiqish jarayonida imtiyozlar bermaydi, shuningdek, agar vizaga rad javobi berilsa, bu odamlar o‘z vataniga deportatsiya qilinmasligiga ham kafolat bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan amerikaliklarga yordam bergan 9 ming afg‘onistonlikka vaqtincha boshpana berishni so‘ragandi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi